Futbol faxriysi Evgeniy Valitskiy 97 yoshni qarshi oldi
Bugun o'zbek futboli faxriysi, ko'p yillar murabbiylik faoliyati bilan o'zbek futboli taraqqiyotiga katta hissa qo'shgan Evgeniy Borisovich Valitskiy 97 yoshga to'ldi.
Evgeniy Valitskiy 1929 yil 15 yanvar kuni Toshkentda tug'ilgan. Valitskiy 1947-1954 yillarda Toshkentning "Trud" va "Spartak" jamoalari safida to'p tepgan. Shuningdek, 1955-1957 yillarda Toshkentning "Kril'ya Sovetov" va "Burevestnik" jamoalarida ham o'ynagan.
Futbolchilik faoliyati bilan bir qatorda, u SSSR, O'zbekiston va Rossiya jamoalarida murabbiy bo'lib ishlagan. Bundan tashqari, O'zbekistonning bir qator jamoalari: "Andijon", "Neftchi", "Paxtakor", "Navbahor", "Do'stlik" va "Metallurg"da faoliyat olib borgan.
1962 yil Toshkentning "Sokol" jamoasi bilan Jismoniy tarbiya jamoalari o'rtasida SSSR Kubogi, 1963 yil Umid Kubogini qo'lga kiritgan va Ikkinchi liga mintaqaviy turnirida 5 marta g'olib bo'lgan.
Bugun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasida Evgeniy Valitskiy sharafiga tadbir tashkil etildi. Unda O'FA rahbariyati, faxriy futbolchilar va murabbiylar so'zga chiqib Evgeniy Valitskiy faoliyatini esga olishdi va uning fidoyiligi, sadoqatini yuksak e'tirof etdilar.
Tadbir yakunida Evgeniy Valitskiyga minnatdorchilik ramzi sifatida esdalik sovg'alari topshirildi.