Forlan: «Urugvay terma jamoasini boshqarish — katta imkoniyat va mas'uliyat»
Urugvay terma jamoasining sobiq hujumchisi Diego Forlan milliy jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangandan so‘ng o‘z his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi.
Forlan Marselo Bielsaning o‘rnini egalladi. Urugvay futbol assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, u milliy va U-20 terma jamoalarini boshqaradi.
“Yurtimga qaytib, mamlakatim terma jamoasini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan faxrlanaman va buning uchun juda minnatdorman. Osmonrang futbolkani kiyish doimiy orzuim bo‘lgan. Endi esa jamoani boshqa maqomda namoyon etish — men uchun katta imtiyoz va ulkan mas'uliyat.
Kamtarlik, mehnatsevarlik va ishtiyoq bilan birga oldinga harakat qilishda davom etamiz. Bayrog‘imizni imkon qadar baland ko‘tarish uchun bor kuchimizni sarflaymiz”, — dedi Forlan X ijtimoiy tarmog‘ida.
Forlan 2002–2014 yillar oralig‘ida Urugvay terma jamoasi safida 112 ta o‘yin o‘tkazib, 36 ta gol urgan. U 2010 yilgi Jahon chempionatida turnirning eng yaxshi futbolchisi — “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan va 2011 yilda Urugvay bilan Amerika Kubogida g‘olib chiqqan.