Fevzi Davletov: «Jamoamdagi istalgan futbolchi etakchi bo‘la oladi deb o‘ylayman»
Superliga 18-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Bunyodkor” (3:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Fevzi Davletov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Dastlab o‘yin haqida fikringiz?
Ikkala jamoa ham bugun yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Biz uchun g‘alaba juda muhim edi. Yigitlar xarakter ko‘rsatib, chiroyli o‘yin namoyish etishdi. Zo‘r gollar guvohi bo‘ldik. Termizda bunday gollar urmagan edik, ancha bo‘ldi. Yigitlarni va bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman. Raqobatchimizga qarshi o‘yinda uch ochko juda muhim edi, g‘alaba orqali turnir jadvalida biroz yuqoriladik. To‘g‘ri, o‘yinni yaxshi boshlay olmadik. “Bunyodkor” ikki vaziyatda bizni kechirdi. Ikkala jamoada ham imkoniyatlar bo‘ldi, ammo omad bizga kulib boqdi.
- “Nasaf”ga qarshi o‘yindan nimalar kutyapsiz?
- Keyingi o‘yinimiz "Qo‘qon-1912"ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Jamoa tezroq tiklanib olishi kerak, chunki 17-avgust kuni "Qo‘qon-1912"ga qarshi o‘ynaymiz. Hozir bor e’tibor shu uchrashuvga qaratilgan. Ilk navbatda yigitlarni tiklash kerak. Bu uchrashuv biz uchun juda muhim. Hozirdan aytaman: qiyin o‘yin bo‘ladi. Chunki Qo‘qonda bahs olib boramiz. Keyin esa "Nasaf" haqida o‘ylaymiz.
- Birinchi davrada jamoaning asosiy hujumchisi Muhammadali Abdurahmonov bo‘ldi. Rustam Turdimurodov esa uch uchrashuvda uchta gol urdi va shu orqali u asosiy hujumchiga aylandimi? Ikkinchi savolim, Asilbek Jumayev yil oxirida Yevropaga yoki o‘zimizning grand jamoalardan biriga o‘tishi haqida gap-so‘zlar bor…
- Turdimurodovni kuzatib borayotgan edik, u jamoani kuchaytirdi. Abdurahmonov va Turdimurodov yaxshi juftlik hosil qilishdi. Bu kelajak uchun katta qadam. Ularning ikkalasi ham raqib darvozabonini ko‘p bezovta qilmoqda va ko‘plab vaziyatlar yaratmoqda. Jamoamdagi istalgan futbolchi etakchi bo‘la oladi deb o‘ylayman. Hozir barcha futbolchilar o‘z vazifasini bajarmoqda. Muhammadali, Asilbek, Rustamning barchasi o‘z rolini yaxshi bajaryapti. Jamoamizning rivojlanish yo‘li biroz o‘zgardi. Chunki 8 nafar futbolchi tarkibdan ketgan bo‘lsa, qo‘l ostimizda qolgan kam o‘yin amaliyotiga ega futbolchilarga imkon beryapmiz. Hali bu o‘z mevasini beradi.
- Yozda 8 nafar futbolchining ketishi sizni qanchalik ranjitdi?
- Futbolchilarning o‘zi qo‘yib yuborishimizni so‘radi. Ular boshqa klublarda to‘p tepishni xohlashdi. Rahbariyatga bu ma’qul keldi. Futbolchilarga boshqa joydan taklif bo‘lsa, ularni qo‘yib yuborish bo‘yicha kelishuv bor edi. "Surxon"ning vazifasi shunday: o‘zbek futboli rivoji yo‘lida futbolchi tarbiyalash.
- “Bunyodkor” gol urgandan keyin sizni asabiy holda ko‘rdik.
- Gol o‘tkazib yuborganimizda jahlim chiqdi. Maqsad nolgacha o‘ynash edi.
- Bugun Behruz Shaydulov "Surxon" tarkibida 150-o‘yinini o‘tkazdi.
- Uni mening nomimdan tabriklab qo‘ying (kuladi).