Fabio Cannavaro: «Bu o‘rtoqlik uchrashuvi, lekin maydonda borimizni beramiz»
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Cannavaro Urugvayga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
“Avvalo, tashrif uchun barchaga rahmat aytaman. Biz kecha Malayziyaga yetib keldik va tiklanish mashg‘ulotlarini olib bordik hamda ertangi uchrashuvga tayyorgarlikni boshladik. Bu avvalgi uchrashuvdan ko‘ra farqli o‘yin bo‘ladi. Dunyoning eng kuchli jamoasi va eng kuchli murabbiylardan biri — Marcelo Bielsa bilan to‘qnash kelamiz. Oldimizda murakkab o‘yin kutib turibdi. Biz raqibdan qo‘rqmaymiz va o‘z o‘yinimizni ko‘rsatmoqchimiz. Bu o‘rtoqlik uchrashuvi, lekin maydonda borimizni beramiz.
Bu o‘zimizni ko‘rsatish uchun yaxshi imkoniyat. Ko‘proq to‘pni nazorat qilishga harakat qilamiz, chunki ularga imkoniyat berib bo‘lmaydi. Vaziyatni o‘z qo‘limizga olishimiz kerak. Har doim ham hujumda harakat qilib bo‘lmaydi.
Jahon chempionatida dunyoning eng kuchli jamoalariga qarshi o‘yin o‘tkazamiz. Biz aynan shunday uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Tanqidlar bo‘lishi tabiiy, lekin biz hamma sport turlarida bo‘lgani kabi natija haqida o‘ylashimiz kerak. O‘rtoqlik o‘yini bo‘lsa-da, bor imkoniyatimizni ishga solishimiz, qat’iy ishlashimiz va birgalikda harakat qilishimiz zarur. Bu sport va oddiy o‘yinlarda ham, barcha jihatlarni inobatga olish kerak.
O‘rtoqlik uchrashuvlari o‘zimizni ko‘rsatish uchun imkoniyat, chunki mundialda bunga vaqt bo‘lmaydi. Uzoq safar kutib turgani uchun, ba’zi futbolchilarni ortiqcha charchatishni istamadik, men ularning barchasi bilan gaplashdim. Jahon chempionatigacha bizda 8 oy vaqt bor va biz barcha futbolchilarning o‘yinini kuzatamiz”, – deya Cannavarodan so‘zlarni keltiradi O‘FA matbuot xizmati.