locale OZ

Erjan Tokotaev: «Andijon»ni zo'r fanatlari borligini bilaman»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Erjan Tokotaev: «Andijon»ni zo'r fanatlari borligini bilaman»
Photo: Andijan PFK

“Andijon” klubining yozgi transferlaridan biriga aylangan qirg‘izistonlik tajribali darvozabon Erjan Tokotaevni muxlislar yaxshi bilishadi.

Ayniqsa, uning jahon chempionati saralash doirasida Qirg‘iziston terma jamoasi safida ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlari barchada juda iliq taassurotlar qoldirgani rost.

Turkiya chempionatida faoliyat olib borgan posbon endi “Andijon” sharafini himoya qiladi.

Klub matbuot xizmati esa Erjandan intervyu oldi.

- Erjan, "Andijon" klubiga xush kelibsiz! Hammayoq juda tez yuz berdi. Siz shunday bo‘lishini o‘ylaganmidingiz?

- Katta rahmat. Albatta, muzokara juda tez bo‘ldi. Bir sutka davomida shartnomaning barcha tafsilotlarini kelishib oldik. Natijada kelishuv asosida jamoaga qo‘shilishimga tayyor bo‘ldim.

- Jamoada dastlabki taassurotlar qanday? O‘ylashimcha, siz "Andijon"dagi ilk kuningizdanoq muxlislarimizning kuchini his qildingiz.

- Taassurotlarim yaxshi. Barcha yigitchalar do‘stona. Jamoa yosh va yangi kollektivga tez kirishib ketdim. Muxlislarni mashg‘ulotda ko‘rish ancha zavqli bo‘ldi. "Andijon" jamoasining jiddiy va juda ham zo‘r fanatlari borligini bilaman. Mashg‘ulotda muxlislarning meni yaxshi so‘zlar bilan qo‘llab-quvvatlayotganini eshitdim. Bunday so‘zlarni eshitish men uchun juda quvonchli bo‘ldi. Bilasizmi, stadiondagi muhitni his qilish uchun yakshanba kungi o‘yinni katta ishtiyoq bilan kutyapman.

- "Andijon"ni tanlashingizning asosiy sababi nimada?

- Bungacha Yevropaning bir qator jamoalari bilan gaplashgandik. Faoliyatimni Yevropada davom ettirmoqchi edim. Lekin bu bir qancha qiyinchiliklarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik "Andijon"dan qo‘ng‘iroq bo‘lib, jamoa murabbiylari meni ko‘rishni istayotganini eshitganimdan so‘ng ko‘p o‘ylamadim va rozi bo‘ldim. Chempionat darajasi yuqori. "Andijon" esa Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaydi. Shuningdek, ushbu shahar o‘z uyimdan uzoq emas. Eng asosiysi, murabbiylar shtabi menga ishonch bildiryapti va menga o‘yin amaliyotini bermoqchi. Shu sababli ularga rahmat. Bu ham klubga o‘tishimga turtki bo‘ldi.

- Ma'lumki, "JCH-2026" 3-saralash bosqichida Qirg‘iziston termasi O‘zbekiston bilan bir guruhda qatnashdi. Jamoangizning ishtirokini qanday baholaysiz?

- Terma jamoa haqida nima deyishim mumkin? Birinchi navbatda biz oldimizdagi vazifani bajara olmadik. Hech bo‘lmaganda minimal hisobda keyingi bosqichda ishtirokimizni davom ettirishni istagandik. Ikkinchi tomondan esa yaxshi o‘yinlar o‘tkazdik. Har kimda o‘zini ko‘rsatish imkoniyati bo‘ldi va kim nimaga qodirligini namoyon etdi. Raqobat kuchli edi. Shu bilan birga Qirg‘iziston Osiyoning kuchli jamoalari qatoriga kira oldi, deb o‘ylayman. Hamma futbolchi katta tajriba to‘pladi. Bu esa bizga kelajakda faqat yordam beradi.

- Erjan, Qirg‘izistonda ham futbol o‘sib boryapti. Futbol mamlakatingizda birinchi raqamli sport turi. Sizningcha, chempionat qay darajada rivojlanmoqda?

- Futbol mamlakatda tez rivojlanmoqda. Eski stadionlar rekonstruksiya qilinmoqda. Yangi stadionlar qurilmoqda. Mahalliy chempionatda yangi jamoalar shakllandi va raqobat kuchaydi. Futbolchilarda ko‘proq o‘ynashga imkoniyat paydo bo‘lyapti. O‘ylaymanki, yaqin yillar ichida chempionat yanada kuchli darajaga chiqadi.

- Bungacha ikki yil Turkiya chempionatida o‘ynadingiz. U yerda faoliyat olib borganingiz sizni qanchalik o‘zgartirdi?

- Ikki yil davomida Turkiyada juda yaxshi vaqtlarni o‘tkazdim. U yerda o‘zim uchun ko‘p narsalarni o‘zlashtirdim. Yangi tanishuvlar, yangi do‘stlar, yangi tajriba... Chempionat ham yetarlicha kuchli. Ko‘plab murabbiylar bilan ishladim. Har biridan o‘ziga yarasha yangilik oldim. Har bir murabbiy yangi narsalarni o‘rgatdi. O‘rganganlarim kelajakda menga asqotadi, deb o‘ylayman. Jamoani ikkita sabab bilan tark etdim: Birinchi sabab, shartnomam tugagan edi. Ikkinchi sabab, biz birinchi ligani tark etdik va ikkinchi ligada esa legionerlarning to‘p surishi mumkin emas ekan. Shu sababli klubni tark etishga majbur bo‘ldim.

- "Andijon" klubi faoliyatingizda yangi chaqiriq...

- Hech qachon nima bo‘lishini oldindan bilmaysan. Hammasi o‘zimga bog‘liq. Barchasini yaxshi bajarishga harakat qilaman. Klub va muxlislar mendan kutayotgan barcha talablarni bajarishga va ularning umidlarini oqlashga qo‘limdan kelganicha harakat qilaman.

- Sizning "Andijon"ga o‘tishingiz O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham ancha e’tiborni o‘ziga tortdi. Buni his qildingizmi?

- Ha, bu muhitni juda yaxshi his qildim. Meni juda yaxshi kutib olishdi va yoqimli bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, bunday e’tiborni kutmagandim.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting