Eldor Moyliyev: «O'z kuchimizga ishonsak, hamma bilan tengma-teng o'ynay olamiz»
O‘zbekiston Superligasining 20-turidan o‘rin olgan "Sho‘rtan" – "Navbahor" (3:3) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Eldor Moyliyev qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
— O‘yin haqidagi fikringiz?
— Tomoshabop o‘yin bo‘ldi. Ikkala jamoa ham g‘alaba uchun maydonga tushgandi. Muxlislarimizga oxirigacha qo‘llab turganlari uchun rahmat aytaman. Futbolchilarga ham rahmat, hamma borini berib o‘ynadi. O‘z xatolarimiz tufayli darvozamizdan oddiy gollar o‘tkazib yubordik. Qiynalib gol uramiz, keyin esa oddiy holatda o‘z darvozamizdan to‘p olib chiqamiz. Ko‘plab vaziyatlar yaratdik, afsuski, g‘alaba qozona olmadik.
— "Sho‘rtan" darvozasiga urilgan 3-golda darvozabon oldinga chiqib ketdi va xatoga yo‘l qo‘ydi...
— O‘sha vaziyatda darvozabonimiz oldinga chiqmasa ham bo‘lardi, chunki himoyachi bor edi. Lekin o‘ziga ishonch bilan chiqdi, ammo kichik epizodda xatoga yo‘l qo‘ydi. Odatda himoyachilar to‘p uchun kurash olib borayotgan paytda darvozabonlar oldinga chiqishmaydi, qolaversa, darvozagacha hali masofa uzoq edi. Biz esa raqibga gol sovg‘a qildik.
— Temur Mamasiddiqlov bilan Nuriddin Hasanovlarning almashtirilishlari sababi nimada?
— Temur to‘p bilan yaxshi, lekin himoyada biroz bo‘sh o‘ynaydi. Biz hisobda oldinda borayotgan edik, shuning uchun uni himoyaga yaxshi qo‘shiladigan futbolchiga almashtirdik. Nuriddin Hasanov esa mikrojarohat sababli o‘ynay olmasligini aytdi, shu bois uni almashtirdik.
— Kuchli jamoalarga qarshi kechadigan uchrashuvlarda "Sho‘rtan"ning o‘yinini qanday izohlay siz?
— O‘tgan turda "Nasaf" bilan bo‘lgan o‘yinni ham yaxshi boshlagandik. Gap natijada emas, balki o‘zimizga bo‘lgan ishonchda. "Nasaf"dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, yigitlar bilan ko‘proq ruhiy tomonlama ishladik. Bizda hamma bilan kurash taklif eta oladigan jamoa bor, faqat futbolchilar o‘z kuchlariga ishonishlari kerak. O‘z kuchimizga ishonsak, hamma bilan tengma-teng o‘ynay olamiz.
— "Sho‘rtan" bugun g‘alabadan quruq qolishining sababi yuzaga kelgan xatolar tufaylimi?
— Endi ko‘p narsa o‘zimiz yo‘l qo‘ygan xatolar bilan bog‘liq. E’tibor bering, raqib oddiy gollarni uryapti. Gol urishga kelganda esa juda qiynalayapmiz. Xursand qilayotgan tomoni, birinchi davradagi o‘yinimizga nisbatan hozir ko‘proq xavfli vaziyatlar yaratya pmiz. Faqat ulardan foydalana olsak bo‘ldi.
— Sardor Sa’dullayev Jo‘rabek Mannonovning o‘rnini to‘ldira oldimi?
— Sardor yaxshi futbolchi. U "Nasaf" bilan bo‘lgan bellashuvda ham yaxshi o‘ynagandi. Bugungi uchrashuvda faqat bir marta xatoga yo‘l qo‘ydi. U birga-bir vaziyatlarda to‘pni raqibdan olib qo‘ydi. Himoyachi sifatida o‘z ishini yaxshi bajardi.