Dramane Salou – «Dinamo» futbolchisi
"Dinamo" PFK 2026 yilgi mavsum oldidan selektsiya ishlarini davom ettirib, navbatdagi yangi o‘yinchi bilan kelishuvga erishganini ma’lum qiladi.
Jamoamiz murabbiylar shtabi tayanch yarim himoya chizig‘i uchun bir qator yangi o‘yinchilar nomzodini ko‘rib chiqqach, "Dinamo" PFK Burkina-Faso terma jamoasi a’zosi Dramane Salou bilan shartnoma imzoladi.
27 yoshli yarim himoyachi Burkina-Faso terma jamoasi safida 8 ta o‘yinda maydonga tushgan. Xususan, 2025 yilda JCH-2026 Afrika qit’asi saralash bosqichi doirasidagi 2 ta o‘yinga chaqirilgan. Dramanening so‘nggi jamoasi "Hapoel Hayfa" bo‘lib, u Isroil klubida bir yil davomida 33 o‘yinda maydonga tushgan.
"Dinamo"ga erkin agent sifatida qo‘shilgan Salou 2023/24 yilgi mavsumda Armanistonning "Urartu" klubida ham munosib faoliyat ko‘rsatib, chempionat, kubok va Yevropa Chempionlar ligasi saralash bosqichida jami 42 o‘yinda 3 ta gol muallifligiga erishgan.