Dragan Cheran: “Andijonlik muxlislar nafaqat Oʻzbekistonda, balki jahon darajasidagi brend”
Taniqli futbolchi, toʻpurar hujumchi Dragan Cheranning “Andijon” klubi bilan shartnoma imzolagani albatta jamoa uchun ayni muddao boʻldi.
Shu tariqa, Cheranning “Andijon”dagi hayoti boshlanadi va biz ishonamizki, bu borada barchasi muvaffaqiyatli va koʻngildagidek kechadi.
Klub matbuot xizmati esa Cheranning dastlabki fikrlari bilan qiziqdi.
- Dragan, avvalo, “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Dastlab, nima uchun “Burgutlar” tanlovini qabul qilganingiz xususida toʻxtalib oʻtsangiz.
- Sababi, doimgidek jamoaga yordam berish, yoshlarni rivojlantirishga koʻmaklashish, rahbariyat va bosh murabbiy meni fikrlarimni va qarashlarimni inobatga olyapti. Bizni fikrlarimiz bir joydan chiqdi.
- “Andijon” klubi bilan koʻzlagan maqsadlaringiz qanday?
- Biz imkonsizdek tuyulgan narsani amalga oshirishga kirishdik. Aynan sovrinli oʻrin jamoa uchun tarixiy natija boʻladi.
- Bilamizki, siz 6-marta Oʻzbekistonning eng yaxshi toʻpurariga aylangansiz. “Andijon”da ham toʻpurarlik salohiyatingizni koʻrsata olishingizga ishtiyoqingiz balandligi koʻrinib turibdi...
- Har bir mavsumda oʻz jamoamga yordam berishga harakat qilaman va imkoniyat boʻldi deguncha koʻproq gollar urishga intilaman.
- “Andijon” klubiga uchta soʻz bilan qanday taʼrif berasiz?
- Energiya, ishtiyoq va hurmat.
- Faoliyatingizni “Andijon”da davom ettirish siz uchun nimani anglatadi?
- Futbol imtihoni.
- Endi siz “Bobur arena”da ajoyib muhitni koʻrasiz va his qilasiz. Bu onlarni intiqlik bilan kutyapsizmi?
- Ha, ular ajoyib muxlislar. Nafaqat Oʻzbekistonda, balki jahon darajasidagi brend.