«Dinamo»ning o‘yini menga yoqdi, JCH-2026da O‘zbekistonga befarq bo‘lmayman» – Sergey Semak
Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan “Zenit” – “Dinamo” (1:0) uchrashuvidan so‘ng Rossiya klubi bosh murabbiyi Sergey Semak “Match TV” telekanaliga, “Zenit” hamda “Dinamo” klublari matbuot xizmatiga intervyu berdi.
Rossiyalik mutaxassis Sankt-Peterburg va Samarqand klublari o‘rtasidagi o‘yin asabiy va murosasiz o‘tganini, “Dinamo”ning o‘yini unga yoqqanini aytib o‘tdi va O‘zbekiston milliy jamoasiga ham JCH-2026da omad tiladi. Semak “An-Nasr”dan taklif etilgan Jon Duran transferiga ham to‘xtaldi. Kolumbiyalik hujumchi “Dinamo” bilan o‘yinni stadiondan kuzatib bordi.
“Bu o‘yin futbolchilarimiz yig‘in davomida 90 daqiqa harakat qilgan birinchi bahs bo‘ldi. Uchrashuvni jarohatsiz yakunlaganimiz quvonarli. O‘yin sifati, intensivlik jihatidan ham yaxshi o‘tdi. Ba’zida jismoniy tomondan kuch yetmagandek bo‘ldi, umumiy olganda hammasi yaxshi. Bu qo‘pol o‘yin emas, jangovar, yakka kurashlarga boy bahs edi desam bo‘ladi. Aynan hozir bizga shu kerak.
“Dinamo” bilan o‘yin va jamoaning o‘zi menga yoqdi. Ancha tezkor va agressiv jamoa. Bunday bahslarda hisobga uncha e’tibor bermaslik kerak. Jamoa ancha yaxshi harakat qildi, agressiv o‘ynashga intildi. Tarkibidagi o‘yinchilar ham yaxshi darajada ekan. Jamoa darajasi ham yuqori ekanligini ko‘rdik. Umuman olganda, o‘zbek klublari bilan har safar o‘yin o‘tkazishdan mamnunman. Baribir bu mamlakat bizga begona emas, JCH-2026da o‘yinlariga befarq bo‘lmaymiz, kuzatib boramiz”, – dedi Sergey Semak o‘yindan so‘ng.