locale OZ

«Dinamo» orqali milliy jamoadan chaqiruv olmoqchiman» – Bektemir Abdumannopov

Futbolchi klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
«Dinamo» orqali milliy jamoadan chaqiruv olmoqchiman» – Bektemir Abdumannopov
Фото: Динамо ПФК

Qishki transfer oynasida "Dinamo" futbolchisiga aylangan Bektemir Abdumannopov jamoa bilan Dubayda yangi mavsumga puxta hozirlik ko‘rdi. Yig‘in yakunida "Dinamo" matbuot xizmati Bektemir bilan suhbatlashib, uning jamoaga kelishi, moslashuvi va faoliyatiga oid bir qator savollarga javob oldi.

— Bektemir, avvalo "Dinamo" taklifi sizda qachon va qanday paydo bo‘ldi?
— Mavsum yakunidan keyin Vadim Karlenovich taklif qildilar. "Andijon" bilan Turkiyadagi yig‘inga yo‘l olgandim. U kishi meni o‘z jamoasida ko‘rmoqchi ekanini aytdi. "Dinamo"dagi o‘yinlarim orqali milliy jamoadan chaqiruv olishni maqsad qildim hamda Vadim Abramov bu borada o‘sishimga yordam berishiga ishonib, uning qo‘l ostida to‘p surishga qaror qildim.

— Sizda boshqa takliflar ham bo‘lgan ekan, "Dinamo"ni tanlashingizga qaysi jihatlar turtki bo‘ldi?
— Menga ko‘proq "Dinamo"ning o‘yin jihati yoqqani uchun tanladim. Chunki bu jamoani o‘yinini kuzatganman, o‘yin uslubi menga ko‘proq tushadi. O‘zimni o‘yinimga mos tushadigan jamoa bo‘lgani uchun ham aynan shu jamoaga keldim.

— "Andijon"da ham sermahsullik borasida yaxshi natija ko‘rsatgansiz...
— Xomyakov qo‘l ostida to‘p nazoratiga asoslangan emas, ko‘proq qarshi hujumda o‘ynardik. Ammo tarkibda o‘zgarishlar bo‘ldi, qolaversa bir yil ichida 2-3 murabbiy o‘zgargach, ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Yakunda xayrlashishga qaror qildim.

— "Dinamo"ga moslashish jarayoni qiyin kechmadimi?
— Yo‘q, hamma yaxshi kutib oldi. Hamma bilan yaxshiman, o‘zi oldindan ham aksariyat o‘yinchilar bilan tanish edim. Masalan, jamoada Ulug‘bek Abdullayev bilan futbol internatida birga o‘qiganmiz. Umuman olganda "Dinamo" tarkibidagi aksariyat o‘yinchilar xuddi akamdek. Hozir mehmonxonada Firdavs Abdurahmonov bilan birga turibmiz, u bilan yaqinroqman, qolganlar bilan ham yaxshi munosabatdamiz. Tezda kirishib ketdik, deyishim mumkin. Yaxshi kollektiv yig‘ilgan.

— "Andijon"da ikki yil faoliyat yuritib, o‘sishga erishdingiz, kubokni qo‘lga kiritdingiz. Jamoani tark etish qiyin bo‘lgandir?
— Oson bo‘lmadi. Ammo bu o‘z hayotimni hal qiladigan o‘zgarishlardan edi. U yerda qolishim katta tavakkal bo‘lardi. Chunki o‘ynamasligim 50/50 edi. Yangi murabbiy bilan gaplashganimda "harakat qilsang, o‘ynaysan" dedi. Klubda ikki yil barqaror o‘ynagandim, ammo menga oddiy yosh o‘yinchidek qarayotganini sezdim. Shu bois o‘zim ketishni xohladim. Ha, muxlislar biroz hafa bo‘lishdi, ammo o‘zim uchun "Dinamo"ga o‘tishim plus deb hisoblayman.

"Andijon" bilan 60 yil deganda tarixidagi ilk kubokni yutdik, muxlislar ajotaji juda kuchli bo‘ldi. Ikki yilda ko‘p narsa o‘rgandim, ko‘p yaxshi xotiralar qoldi.

— Aleksandr Xomyakov bilan ishladingiz, so‘ng qisqa muddat Samvel Babayan qo‘l ostida to‘p surdingiz, endi esa Vadim Abramov murabbiyligidasiz. Aytingchi, bu mutaxassislarning ish uslubi bo‘yicha qanday farqlarni sezayapsiz?
— Xomyakovda ko‘proq himoyadan o‘ynardik, Samvel akada o‘rtada ikkinchi zonada kutib, ko‘proq qarshi hujumni poylardik. Murabbiy pozitsion to‘g‘ri o‘ynashni o‘rgatadi. Vadim Karlenovichda esa hammasi bor – to‘pga egalik qilish, ikkinchi zonada kutish, pressing, vaqtida qarshi hujumga o‘tish, zarur bo‘lganda himoyadan o‘ynash ham bor. Ya’ni, turli uslublar mujassam. Yarimhimoyachi uchun bu murabbiy uslubi ko‘proq mos – to‘p bilan erkin bo‘la olaman, ko‘rganimga tezroq pas beraman, o‘ylash jihatim tezlashadi. Ya’ni, askardek emas, erkin ijodkordek miyangizdagi o‘ylanmalarni ham bajara olasiz.

"Andijon"da yakkakurashlar ko‘p edi, bu jamoamda esa ko‘proq to‘p bilan muomalada bo‘lamiz. To‘pni keraksiz joyda yo‘qotmaslik muhim bu yerda.

— Yangi mavsumda "Dinamo" bilan qanday maqsadlarni ko‘zlayapsiz?
— Samarqanddagi faoliyatim orqali O‘zbekiston milliy jamoasidan chaqiruv olish va "Dinamo" bilan ham kamida bitta sovrinni yutmoqchiman. Shuning uchun ham shu yerdaman. O‘tgan mavsum kuzatgandim, "Dinamo" 2-o‘ringa juda yaqin edi, qolaversa kubok yarimfinalida penaltilar seriyasida omadi kelmagandi. Finalga chiqqanda "Dinamo" aniq kubokni olardi, deb o‘ylayman.

"Dinamo"ga qarshi o‘tgan yildagi o‘yinlarni ham eslayman. O‘shanda bizda biroz pasayish boshlangan, "Dinamo" esa o‘sishga erishayotgan payt edi. Andijonda so‘nggi soniyalarda mag‘lub bo‘lgandik, Samarqandda ham "Dinamo" ustun kelgandi.

— "Dinamo" bilan Dubayda ikkita yig‘inda qatnashdingiz. Taassurotlar va tayyorgarlik haqida gapirsangiz...
— Eng avvalo aytishim kerak ancha kuchli va yaxshi jamoalar bilan o‘ynadik. Bu o‘yinlar o‘zimiz uchun ham katta tayyorgarlik va sinov bo‘ldi. Shu orqali tajriba orttirdik va chempionatga tayyorlandik. Bu Superligada asqotishi aniq.

— Yil boshida avvalgi klubingiz bilan Turkiyada yig‘inda qatnashdingiz, endi esa BAAda tayyorgarlik ko‘rdingiz. Ikkala mamlakatdagi yig‘inlar bo‘yicha qanday farqlar yaqqol sezildi?
— Turkiyada boshida yig‘in qiyinroq o‘tadi – yomg‘irlar, sovuq havo, doimiy namgarchiliklar, natijada ko‘p vaqt sport zalida o‘tishi mumkin. Dubayda esa futbol uchun ideal sharoitlar, mos iqlim. Reja asosida o‘tadi hammasi. O‘z o‘yinignizni ko‘rsata olasiz. Turkiyada esa kuchli shamollar tufayli o‘yinlarda ham qiynalasiz.

— Dubaydagi ikki bosqichli yig‘inda jami 9ta o‘yin o‘tkazildi. Qaysi o‘yinlar ko‘proq esda qoldi?
— CSKAga qarshi bahs gollarga boy bo‘lgani va g‘alaba qozonganimiz esda qolarli bo‘ldi. "Zenit"ga qarshi bahsda ham bemalol durangga munosib edik, vaziyatlardan foydalana olsak hisob teng bo‘lardi. "Lokomotiv" bilan o‘yinda esa 1-taymda ko‘p gol o‘tkazib qo‘ydik, ikkinchi bo‘limda esa ulardan yaxshiroq harakat qildik. Oramizda katta farq yo‘q edi, faqat ular biroz professionaliroq harakat qilishdi.

— Tasavvur qiling, transfer oynasining so‘nggi kunlari, sizda qaysidir o‘yinchini jamoaga taklif etish imkoni bo‘lganda kimlarni "Dinamo"ga taklif etgan bo‘lardingiz?
— Sobiq jamoadoshlarimdan Sherzod Esanovni, Rustam Turdimurodovni, Farhod Sobibjonovni aytgan bo‘lardim. Birga muvaffaqiyatli to‘p surganmiz. Agar jamoani kuchaytiradigan bir nafar o‘yinchi deyilsa Alijonovni ko‘rsatardim.

— Futbolga kirib kelgan ilk qadamingizni ham eslasangiz...
— 2013 yil Jizzaxdan "Bunyodkor" akademiyasiga kelganman. Bir yildan keyin akademiyada men tahsil olgan guruhni pullik qilib qo‘yishgandi. Shu bois "Paxtakor" maktabiga o‘tishimga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda Dilshod Nuraliev meni ko‘rib, akademiyaga chaqirgan, shu tariqa klub akademiyasiga katta bo‘lganman desam bo‘ladi. Qariyb 6 yil klub tizimida bo‘ldim. "Paxtakor" o‘rinbosarlariga o‘tayotganimda Temur Kapadze "Olimpik"ka taklif qildi, keyinchalik olimpiya jamoasi a’zosiga aylandim. Orada "Metallurg"da 1,5 yil o‘ynab, "Andijon"ga o‘tdim. Murabbiylardan minnatdorman.

— Temur Kapadze haqida gapirdingiz. Aynan uning murabbiyligidagi "Navbahor" 1-turda "Dinamo" mehmoni bo‘ladi. Abramov va Kapadze ustoz-shogird sanaladi, ikkisi qo‘l ostida ham o‘ynadingiz, o‘xshash jihatlar nimada?
— Ikki murabbiyning ham o‘yin uslubi deyarli bir xil. Ikkala jamoa ham to‘p bilan ko‘p harakat qiladi, pressing qiladi. Bu o‘yin zo‘r o‘tadi, kim yaxshiroq tayyor bo‘lsa, omad kulib boqsa o‘sha 3 ochkoga ega chiqadi. Mezbon sifatida faqat g‘alabaga intilamiz. O‘yinga tayyorlash bo‘yicha ham o‘xshash holatlar ko‘p. Ikki murabbiy ham o‘yinchilarga katta bosim qilmaydi, o‘ynab ketishi uchun qo‘llab-quvvatlaydi, erkinlik berib ko‘radi.

— Samarqanddagi ochilish o‘yinini hozirdan tasavvur qilyapsizmi? Andijondagi muxlislikdan kam bo‘lmagan ishqibozlar qarshisida o‘ynaysiz...
— Albatta, hammamiz kutyapmiz. Samarqandlik muxlislar stadionni to‘ldirishiga ishonamiz. "Ultras"dek "Oq Armiya" fan-klubi ham rivojlanib bormoqda. Jamoa qanchalik yaxshi natijalar ko‘rsatib tursa, muxlislari ham o‘sadi. Masalan, Andijonda ham yaxshi o‘yinlar ko‘rsatgan paytimiz muxlislar ham stadionni to‘ldirishgan, yaxshi o‘yin va yaxshi natija bo‘lib tursa muxlislar stadionga kelaveradi. Shu orqali muxlislik ham, futbolchilar ham o‘sadi.

— Superliganing eng yaxshi 5 nafar futbolchisini sanab o‘tsangiz...
— Yil davomida barqaror o‘ynab kelayotganlardan Hojiakbar Alijonov. Lyupche Dorievni ham eng yaxshi legionerlardan biri deb bilaman. Anvarjon Hojimirzayev "Dinamo"da ikki yildan beri jamoa to‘purari bo‘lib kelyapti. "Neftchi"da Jamshid Iskanderov jamoaning chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi. "Nasaf"da Abduvohid Ne’matov stabil o‘ynab kelmoqda. Igor Sergeevni ham kiritardim, ammo u Eron chempionatiga ketib qoldi.

— Futboldagi dastlabki maoshingizni eslay olasizmi?
— Albatta. "Paxtakor"da Birinchi ligada o‘ynab yurgan paytim 2016 yillar edi, 1 million maosh olardim.

— Qaysi jamoalar ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatib borasiz?
— O‘zbekiston chempionatini doim kuzataman. Shuningdek, Ispaniyada "Real" va "Barsa" ishtirokidagi bahslar. Angliyada "Siti" o‘yinlariga befarq emasman. Futbolchilardan Mbappe, Vinisius, Rafinya, Yamal o‘yinlarini kuzatib boraman. O‘zim ham vaqti kelib Evropada to‘p surishni maqsad qilganman.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting