«Chelsi» «Sheffild Uensdey»ning 17 yoshli himoyachisi bilan shartnoma imzoladi
«Chelsi» futbol klubi «Sheffild Uensdey»ning chap qanot himoyachisi Yisa Alao bilan shartnoma imzolaganini rasman e’lon qildi. 17 yoshli futbolchi «ko‘klar» bilan 2028 yilgacha mo‘ljallangan kelishuvga rozi bo‘ldi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar bermoqda.
Alao «Sheffild Uensdey» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, o‘tgan yilning avgust oyida «boyqushlar»ning asosiy jamoasida debyut qilgan. Shundan buyon u yana to‘rtta uchrashuvda maydonga tushdi. Xususan, Angliya kubogida «Brentford»ga qarshi bahsda hamda Chempionship doirasida «Portsmut» bilan o‘yinda asosiy tarkibda harakat qildi.
Transfer qiymati taxminan 500 ming funt sterlingni (575 ming yevro) tashkil etdi. Biroq barcha bonus shartlari bajarilgan taqdirda, kelishuv summasi 1 million funt sterlingdan (1,15 million yevro) oshishi mumkin.
APLning 23 turidan so‘ng «Chelsi» 37 ochko bilan turnir jadvalida beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Londonliklarning peshqadam «Arsenal»dan ortda qolishi 13 ochkoni tashkil etadi.