locale OZ

Buxoroga Superliga o‘yinlarini qaytarish harakati boshlandi

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Buxoroga Superliga o‘yinlarini qaytarish harakati boshlandi
Фото: UzPFL

Buxoro futbol akademiyasi qoshida qurib bitkazilgan stadionda "Buxoro" klubi O‘zbekiston kubogining guruh bosqichidan o‘rin olgan ikki bellashuvni o‘tkazdi va ularning har ikkalasini o‘z foydasiga hal qilib, guruhdan keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Akademiyaga qarashli stadionda Superliga bellashuvlarini o‘tkazish uchun esa proyektorlar talab qilingan me’yor darajasiga yetkazilishi lozim edi. O‘tgan vaqt davomida yoritish tizimini Superliga talabiga moslashtirish ishlari olib borildi. 22 avgust kuni Liga mutaxassislari Buxoroda bo‘lib, proyektorning maydon bo‘ylab uzatayotgan yorug‘lik nurlarini qayta o‘rgandi. Ayni vaqtda proyektorlar Superliga bellashuvlarini qabul qilish uchun javob beradi.

Shunga qaramay, ba’zi masalalarda kamchiliklar mavjud. Shahardagi eski stadion buzib tashlanishidan avval Liga unda O‘zbekiston kubogining final uchrashuvini yaxshi saviyada tashkil etgandi. O‘sha vaqtdagi talab va takliflarga qaramay, hozirga qadar Buxoroda maydon parvarishi bilan professional shug‘ullanuvchi mahalliy mutaxassislar mavjud emas. Shuningdek, o‘tgan davr davomida Liga talab qilgan ko‘rinishda maydon parvarishi uchun zarur texnik vositalar xarid qilinmagan. Stadionni sug‘orish va uning atrofidagi ishlar butkul boshqa soha vakillari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida maydonning chidamlilik darajasiga putur yetkazadi.

Shuningdek, ayni vaqtda stadionda quyidagi kamchiliklar mavjud:

• stadionning audio tizimi mavjud emas (klub har bir rasmiy o‘yin uchun ko‘chma ovoz kuchaytirish qurilmalarini jalb etishni rejalashtirmoqda);

• stadion tablosi yangilanishi lozim;

• markaziy va ofsayd kameralar platformasi yasalishi, ularning atrofi yomg‘ir va quyoshdan himoyalanishi lozim;

• maydonning to‘rt qismiga kameralar uchun elektr qutilar joylashtirilishi lozim;

• VAR va TV texnikalari uchun mo‘ljallangan nuqtalar mutaxassislar yordamida qayta o‘rganilishi va mazkur nuqtalar talab etilgan tezlikdagi internet liniyalari bilan ta’minlanishi lozim;

• stadionda OAV uchun media tribuna tashkil etilishi lozim;

• stadion texnik zonalarida internet uzilishlarsiz ishlashi ta’minlanishi lozim;

• VIP tribunaga kirish yo‘li texnik zona bilan to‘qnashmasligini oldini olish uchun alohida yo‘nalishli zina tashkil etilishi lozim;

• Maydon perimetri bo‘ylab reklama shitlari qayta jihozlanishi lozim;

• maydon atrofidagi qurilish ishlari to‘liq yakunlanishi, stadion atrofidagi yo‘llar tartibga keltirilishi, proyektor machtalari uchun ochilgan vaqtinchalik yo‘llar panjaralar bilan qayta yopilishi kerak.

31 avgust kuni Liganing teletranslyatsiyalar hamda marketing bo‘limi mutaxassislari Buxoroda bo‘lib, stadionni Superliga o‘yinlariga tayyorlashning keyingi bosqich ishlarini o‘rganadi. Umid qilamizki, talab etilgan barcha masala o‘z vaqtida hal qilinadi. Shundan so‘ng Liga "Buxoro" klubi aynan qaysi turdan boshlab o‘z maydoniga qaytishi masalasini rasmiy e’lon qiladi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting