«Burgutlar» Osiyo osmonidagi parvozga tayyorlanmoqda yoki OChL 2 dagi ilk raqib haqida
“Andijon” futbol klubi 17-sentabr kuni Osiyo Chempionlar ligasi 2-bosqichida o‘zining ilk bellashuvini Turkmanistonda “Arkadag” klubiga qarshi o‘tkazishini bilasiz. Hozirda barcha e’tibor bo‘lajak bellashuvga qaratilgan.
“Andijon”ning OChL 2 dagi ilk rasmiy raqibiga aylangan – “Arkadag” klubi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu jamoa tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. 2023-yilning 1-yanvar kuni mazkur jamoaga asos solingan. Shunga qaramay, qisqa vaqt ichida klub Turkmaniston chempionatida yangi lider sifatida namoyon bo‘la boshladi.
“Arkadag” “Chaqiriq” Kubogi musobaqasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan holda OChL 2 ga yo‘l oldi. Hal qiluvchi o‘yinda “Arkadag” Kambodjaning “Svayrieng” jamoasini 2:1 hisobida dog‘da qoldirdi. Ma’lumot uchun, “Chaqiriq” Kubogi OChL Elit va OChL 2 musobaqalaridan keyingi o‘rinda turuvchi turnir sanaladi. “Arkadag” xuddi “Andijon” singari OChL 2 da debyut mavsumini boshlaydi.
Turkmaniston “Yuqori” ligasida (bizning Superligamiz kabi) 8 ta jamoa ishtirok etadi. “Arkadag” shu kungacha 20 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, barchasida 100 foizlik natija ko‘rsatdi, ya’ni 20 ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozondi. 60 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turgan bu jamoa ikkinchi o‘rindagi “Altyn Asr”ni 27 ochkoga ortda qoldirmoqda. Jamoa chempionatda oxirgi o‘yinini 11-sentabr kuni safarda “Merv” klubiga qarshi o‘tkazib, 1:3 hisobida zafar quchdi.
Turkmaniston terma jamoasining asosini “Arkadag” klubi futbolchilari tashkil qiladi. Shuningdek, tarkibida faqat mahalliy futbolchilar to‘p surmoqda, legionerlar xizmatidan foydalanilmaydi.
“Arkadag” yangi tashkil etilganiga qaramasdan, umumiy hisobda 4 ta sovrinni qo‘lga kiritishga ulgurgan. Jumladan, Turkmaniston chempionligi va mamlakat Kubogi sohibiga aylangan.
Klub uy o‘yinlarini Arkadag shahridagi “Arkadag” stadionida o‘tkazib kelmoqda. Unga 10 ming tomoshabin sig‘adi.
Shuningdek, “Arkadag” klubi mamlakat chempionatida 2023-yildan ishtirok eta boshlagan bo‘lsa-da, hali shu kungacha mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. O‘tgan yili ham, undan oldingi yili ham 100 foizlik natija qayd etdi. Faqat OFK tasarrufidagi “Chaqiriq” Kubogida “Arkadag” ikki marotaba mag‘lubiyatga uchragan.
“Arkadag” futbolchisi Didar Durdiev 14 ta gol bilan chempionatda to‘purar bo‘lib turibdi. Undan keyin Begench Ahmammedov 13 ta gol va Altymurad Annadurdiev 12 ta gol bilan bormoqda. Qizig‘i, ular ham “Arkadag” a’zolari. Muxlislarimizga tanish bo‘lgan va O‘zbekiston chempionatida o‘ynagan Arslanmurat Amanov “Arkadag”da faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, ertalab soat 08:00 da jamoamiz a’zolari o‘z muxlislari bilan birga Andijon aeroportidan charter reys orqali Turkmanistonga yo‘l oladi.