locale OZ

«Bunyodkor» va «Lokomotiv» futbolchilari qo‘mita yig‘ilishigacha maydonga tushmaydi

Keyinchalik esa qo‘mita qarori asosida ish tegishli ravishda tartibga solinadi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
«Bunyodkor» va «Lokomotiv» futbolchilari qo‘mita yig‘ilishigacha maydonga tushmaydi
Фото: Локомотив ПФК

“Bunyodkor” va “Lokomotiv” futbolchilari Tartib-intizom qo‘mitasi yig‘ilishigacha maydonga tushmaydi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi

Superliga 5-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” — “Lokomotiv” o‘yinining yakunida kelib chiqqan janjal sabablari O‘FA qoshidagi maxsus inspektsiya tomonidan o‘rganilayotgani ma’lum qilingandi.

Kecha, 6 aprel oqshomida inspektsiya o‘rganish yakunlari bo‘yicha O‘zPFLga bildirgi taqdim etdi. Unda voqea tafsilotlari stadion kamerasi, guvohlar, komissar ko‘rsatmasi yordamida o‘rganilgan.

Shuningdek, “Lokomotiv” futbolchisi Abdulloh Yo‘ldoshev, “Bunyodkor” futbolchisi Narimon Ahmadjonov, klub selektsioner murabbiyi Bek Abdullaev hamda ma’mur Botir Zohidov bilan suhbatlar o‘tkazilgan. To‘plangan barcha ma’lumotlar bayonnoma shakliga keltirilgan.

Ma’lumki, mojaro ishtirokchilari ichki ishlar tayanch punktida bir-biriga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan edi. Garchi ular o‘zaro kelishib olgandek taassurot uyg‘otsa-da, Liga bu holatni shunchaki qoldirmaslikka qaror qildi. Chunki bunday vaziyatlar professional sportchiga xos emas.

Assotsiatsiya va Liga hamkorlikda bir qator ommaviy futbol musobaqalarini ham tashkil qiladi. Ular orasida talabalar, mahalla yoshlari, turli davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalar ham bor. Tabiiyki, kontaktli sport turi sifatida futbolda ba’zan ishtirokchilar asabiylashib ketadigan holatlar uchrab turadi.

Azart holatida professional futbolchilar ham maydonda turli noqulay vaziyatlar yuzaga keltirishi mumkin. Liga yoki tegishli qo‘mitalar o‘yin jarayonidagi bunday vaziyatlarni to‘g‘ri talqin qilishga harakat qiladi. Biroq har qanday professional murakkab vaziyatda o‘zini tutib bilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Tartib-intizom qo‘mitasi noxush holatlar yuzasidan qaror qabul qilayotganda aynan shu jihatlarni inobatga oladi.

“Bunyodkor” va “Lokomotiv” klubi a’zolari tomonidan ro‘y bergan holat esa yanada uyatliroqdir. Bu asablar tarang tortilgan paytda o‘zini tutolmaslik emas, maydondagi vaziyat va kelishmovchiliklar ortda qolgan, professional o‘z mahoratini ko‘rsatishi lozim bo‘lgan vaqtda, futbol o‘yini tugaganidan keyin ham bir-biridan o‘ch olish, ehtimoliy jarohat yetkazish uchun qasddan harakat qilishdir.

Liga bunday harakatlarni keskin qoralaydi. Liga professional sportchilarni ro‘yxatdan o‘tkazadi. Biroq ular orasida havaskorlar musobaqasida uchrashi mumkin bo‘lgan holatdan ham uyatliroq vaziyatlar yuzaga kelsa, Liga unga qarshi jiddiy choralar ko‘rishga chaqiradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Liga “Lokomotiv” futbolchisi Abdulloh Yo‘ldoshev va “Bunyodkor” a’zosi Narimon Ahmadjonovning litsenziyasini Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishigacha qaytarib oladi. Keyinchalik esa qo‘mita qarori asosida ish tegishli ravishda tartibga solinadi.

Shuningdek, “Bunyodkor” klubi ham o‘z xodimi (Bek Abdullaev)ning texnik zonadagi harakatlari, komissarning reglament asosidagi talabiga bepisand munosabat bildirgani, futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlarga hech qanday sabab bo‘lmasdan aralashishi natijasida vaziyatni yanada keskinlashtirganligi uchun alohida sanksiyaga tortilishi mumkin bo‘ladi. Qo‘mitaning ushbu ish bo‘yicha qarori keyinroq rasman e’lon qilinadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting