«Bunyodkor» Rivaldo ishi bo‘yicha bayonot berdi
“Bunyodkor” futbol klubi hamda uning sobiq futbolchisi Rivaldo Ferreira (2008-10 yillarda) o‘rtasidagi nizoni Lozannadagi Sport arbitraj sudi ko‘rib chiqib, 2023 yil 6 noyabr kuni hal qiluvchi qaror chiqardi. Qarorga ko‘ra, “Bunyodkor” futbol klubi ushbu sobiq futbolchisi oldidagi qarzdorlikni to‘lab berish majburiyatini oldi. “O‘zbekneftgaz” AJning o‘sha davrdagi rahbariyati topshirig‘iga binoan, 2024 yil 30 mart kuni “Bunyodkor” futbol klubi ushbu futbolchi bilan qarz majburiyatlari miqdorini kamaytirish, uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddatlari bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Mazkur kelishuvga muvofiq, qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda “Bunyodkor” futbol klubiga katta miqdordagi qo‘shimcha moliyaviy majburiyatlar yuzaga kelishi qayd etilgan. O‘tgan ikki yil davomida “O‘zbekneftgaz” AJning moliyaviy ko‘magi bilan Rivaldo Ferreira oldidagi qarzdorliklar o‘z vaqtida bartaraf etib kelindi.
Joriy yil uchun Rivaldo Ferreira oldidagi qarzdorlik bo‘yicha to‘lovlar 2026 yil 15 aprelgacha amalga oshirilishi lozim edi. Biroq, unga joriy yil uchun belgilangan to‘lovlar futbol klubidagi moliyaviy qiyinchiliklar sababli hozirgi kungacha amalga oshirilmayapti. Joriy yilning 6 may kuni ushbu futbolchining qonuniy vakillari tomonidan “Bunyodkor” futbol klubiga rasmiy ogohlantirish xati yuborildi. Unga ko‘ra, 48 soat ichida belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish so‘ralgan bo‘lib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, o‘zaro kelishuvlarda belgilangan qarzdorlik bo‘yicha chegirmalar bekor bo‘lishi, qarzdorlik kechiktirilgani uchun kompensatsiya va boshqa to‘lovlar undirishi yuzasidan FIFAga murojaat qilinishi bayon etilgan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha 2026 yil 7 may kuni 01/228-sonli xat bilan “O‘zbekneftgaz” AJ hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng, joriy yilning 14 may kuni ushbu futbolchi ishi bo‘yicha FIFA tomonidan “Bunyodkor” futbol klubiga rasmiy ogohlantirish va jarima qo‘llash bo‘yicha xat yuborildi. Unga ko‘ra, 30 kun ichida Rivaldo Ferreira oldidagi belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish so‘ralgan bo‘lib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, FIFA tomonidan klubga nisbatan transfer taqiqi qo‘llanilishi bayon etilgan.