«Bunyodkor» – «Lokomotiv» uchrashuvidan keyingi janjal sabablari o‘rganilmoqda
Superliga 5-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Lokomotiv” o‘rtasidagi bahs yakunlangach, mikst-zona yaqinida ikki klub futbolchilari ishtirokida janjal yuzaga keldi. Unda klublardan ikki nafar vakil yengil tan jarohati oldi.
Milliy gvardiya vaziyatga yaqin joylashgani sababli mojaroni tezda bartaraf etdi. Ichki ishlar organlari tayanch punktida o‘tkazilgan surishtiruvda tomonlar bir-biriga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Mazkur holat Komissar tomonidan bayonlashtirilgan. Shundan kelib chiqib, Liga vaziyatni to‘liq o‘rganish maqsadida Assotsiatsiya qoshidagi Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyaga rasmiy murojaat qildi. Ayni vaqtda inspeksiya mojaroda ishtirok etganlar bilan suhbat o‘tkazib, “Bunyodkor” stadionida yuz bergan holatni stadion kamerasi tasvirlari, Komissar bayonnomasi va, albatta, uchrashuv davomida sodir bo‘lgan kichik to‘qnashuv va epizodlar asosida o‘rganmoqda. O‘rganish ishlari yakunlangach, inspeksiya holatning kelib chiqish sabablari va uning oqibatlari bo‘yicha to‘liq bayon etilgan materialni Ligaga taqdim etadi.
O‘z navbatida Liga tayyor materialni Tartib-intizom qo‘mitasiga yuboradi va mojaroda ishtirok etgan har qanday ishtirokchi, sportchiga xos bo‘lmagan harakatlari uchun belgilangan tartibda jazolanadi.