Bundesliga murabbiyi «Real»ni boshqarishi mumkin
«Shtutgart» bosh murabbiyi Sebastyan Xyoness joriy mavsum yakunlangach, Madridning «Real» klubini boshqarishi mumkin. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
«Real» yangi murabbiy izlamoqda, chunki Chempionlar Ligasidan chiqib ketish va chempionatda «Barselona»dan ortda qolish klub rahbariyatiga jiddiy bosim o‘tkazmoqda. Xabarlarga ko‘ra, aynan germaniyalik mutaxassis ushbu lavozimga asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Uning o‘yin uslubi va «Shtutgart»ning ko‘plab yetakchi futbolchilari sotib yuborilganiga qaramay erishgan muvaffaqiyatlari «qaymoqranglilar» rahbariyatida katta taassurot qoldirgan.
Mutaxassisning nemis klubi bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2028 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
Xyoness 2023 yildan buyon «Shtutgart»ni boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida jamoa 2024/2025 yilgi mavsumda Germaniya kubogi g‘olibiga aylangan edi.