Braim Dias qishki transferlar vaqtida «Real»ni tark etishi mumkin
Madridning «Real» klubi vingeri Braim Dias yanvar oyidagi transfer oynasida jamoasini o‘zgartirishi kutilmoqda. Marokashlik futbolchi ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida boshqa klubga o‘tish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Caught Offside nashri xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotga ko‘ra, 26 yoshli futbolchining vakillari allaqachon yangi jamoa izlashga kirishgan. Ayni damda Diasga Angliya Premyer-ligasi vakillari — «Nyukasl», «Tottenhem» va «Aston Villa» klublari tomonidan jiddiy qiziqish bildirilmoqda. «Qirollik klubi» futbolchining sotuviga qarshilik qilmoqchi emas, biroq uning transferidan kamida 60 million yevro ishlab olishni ko‘zlamoqda.
Joriy mavsumda Braim Dias barcha turnirlar doirasida 20 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta gol va ikkita assist yozdirib qo‘ydi. Futbolchining Madrid klubi bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ayni damda vingerning bozor qiymatini 35 million yevro deb baholamoqda.