locale OZ

Birinchi liga yulduzlari

Ligada o‘zini ko‘rsatayotgan besh futbolchi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Birinchi liga yulduzlari
Фото: UzPFL

O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan tashkil etilgan Birinchi liga musobaqasi joriy mavsum o‘zining eng qizg‘in bosqichiga kirib bormoqda. Ushbu mavsum davomida yuqori saviyadagi o‘yini bilan ajralib turgan bir qator futbolchilarni alohida e’tirof etamiz.

Sergey Proxorov

“Zamin” klubi himoyachisi Sergey Proxorov o‘zining mudofaadagi ishonchli o‘yini bilan jamoasining Markaziy mintaqada yetakchi bo‘lib turishida muhim rol o‘ynamoqda. 28 yoshli tajribali futbolchining ilgari Superliga klublarida ham to‘p surgani hammaga ma’lum. Uning o‘yin o‘qish qobiliyati va pozitsiyani to‘g‘ri tanlashi ko‘plab xavfli vaziyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Futbolchi bu mavsum Birinchi ligada 9 o‘yinda maydonga tushdi, bitta gol urdi va yana bitta golli uzatma amalga oshirdi.

Saidmurod Karimov

O‘tgan mavsum davomida atigi bitta gol kiritgan “Do‘stlik” jamoasi hujumchisi Saidmurod Karimov bu mavsum deyarli har o‘yinda gol kiritmoqda. Ayniqsa, futbolchi uchun ikkinchi davra o‘yinlari juda yaxshi o‘tmoqda. Saidmurod so‘nggi 2 ta o‘yinda xet-trikka erishdi. Joriy mavsum u Birinchi ligada 12 ta o‘yinda maydonga tushdi, 13 ta gol kiritdi va 2 ta golli uzatma amalga oshirdi.

Ravshan Umarov

“BuxDU” klubi yarim himoyachisi Ravshan Umarov o‘zining pleymeykerlik qobiliyati bilan o‘tgan yili ham Birinchi Ligada yaxshi o‘yin ko‘rsatgan edi. Bu yil 22 yoshli ushbu futbolchining natijalari yanada yaxshilandi. O‘zining ajoyib kross uzatmalari va noodatiy qarorlar qabul qilib, hujumda kutilmagan yechimlarni topishi bilan nom qozongan ushbu futbolchi bu yil Birinchi ligada 12 ta o‘yinda maydonga tushdi va 12 ta golli uzatma amalga oshirdi.

Akmal Rahimov

Ilgari Superliga klublarida faoliyat olib borgan darvozabon Akmal Rahimov ayni paytda Samarqandning Kattaqo‘rg‘on jamoasida to‘p surmoqda. Ushbu jamoaning g‘arbiy mintaqada yetakchi bo‘lib turishida ham mazkur posbonning xizmatlari katta. Ayni vaqtda “Kattaqo‘rg‘on” klubi Birinchi ligada eng kam gol o‘tkazgan jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Bunda esa, albatta, jamoa posboni Akmal Rahimovning tezkor reaksiyasi, o‘yinni o‘qish va boshqarish qobiliyati muhim rol o‘ynamoqda.

Abduvohid Oxtaev

“Zamin” jamoasi hujumchisi Abduvohid Oxtaev o‘zining sermahsul o‘yini bilan allaqachon nomdor klublar nazariga ham tushgan bo‘lsa kerak. 22 yoshli Oxtaev joriy mavsum “Zamin” jamoasida eng ko‘p vaqt maydonda harakat qilgan futbolchi bo‘lib turibdi (1054 daqiqa). O‘zining kuchli va aniq zarbasi, shuningdek, hujumchilarga xos golni sezish qobiliyati orqali futbolchi jamoasining g‘alabalariga katta hissa qo‘shmoqda. Futbolchi bu mavsum Birinchi ligada 14 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting