«Birinchi bo‘limda jamoamda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim» – Kannavaro
Kanadaning Edmonton shahrida O‘zbekiston terma jamoasi Kanada bilan o‘ynab, 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. O‘yindan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Har qanday uchrashuvda, albatta, xatolar bo‘ladi. Xatolarni 10 kundan keyingi o‘yinlarda emas, aynan mana shunday o‘rtoqlik o‘yinlarida qilish yaxshiroq. Futbol shunday. Birinchi bo‘limda jamoamiz ixcham va agressiv o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda esa to‘p nazoratini ko‘proq qo‘lga olishni xohladik. Ammo intensivlikni yo‘qotdik va bir nechta xatolarga yo‘l qo‘ydik,” – deydi Kannavaro.
Shuningdek, Kannavaro futbolchilardan aynan birinchi bo‘limdagidek jadal o‘yin kutganini va terma jamoaga kelganidan beri yuqori tezlikda o‘ynash ustida ishlayotganini ta’kidladi.
“Osiyo futboli bilan xalqaro futbol o‘rtasidagi farqni yaxshi bilaman. Bu oson emas, ammo birinchi bo‘limda jamoamda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim. Men Kanada terma jamoasini anchadan beri kuzatib boraman. U yerda ko‘plab do‘stlarim bor. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida jamoa sezilarli darajada o‘sdi. Futbol Kanadada juda ommalashdi,” – deydi O‘zbekiston terma jamoasi ustozi.
Fabio Kannavaro o‘yinda jarohat olgan futbolchilar, jumladan Aziz G‘aniyevning holati haqida ham ma’lumot berdi.