“Bavariya” Olise bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokara olib boradi
“Bavariya” kuzatuv kengashi a’zosi Karl-Xayns Rummenigge klub kelajakda Maykl Olise bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokara o‘tkazishi kerakligini aytdi. 24 yoshli fransiyalik futbolchining amaldagi kelishuvi 2029-yilgacha mo‘ljallangan. Bu haqda Rummenigge Abendzeitung München nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Rummeniggening ta’kidlashicha, hozircha shoshilinch qaror qabul qilishga ehtiyoj yo‘q, biroq vaqt kelganda klub Olise bilan muzokara stoliga o‘tirib, uning darajasiga mos taklif berishi kerak. “U o‘z pozitsiyasida favqulodda futbolchi”, deya ta’kidlagan “Bavariya” rahbari.
Olise so‘nggi mavsumlarda myunxenliklar safining asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. Rummenigge uni hatto Lamin Yamal bilan bir qatorda o‘z pozitsiyasidagi eng yorqin futbolchilardan biri sifatida tilga oldi va hozirgi paytda Olisening o‘yini yanada yetukroq ko‘rinayotganini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Maykl Olise “Bavariya”ga 2024-yilda “Kristal Pelas”dan ko‘chib o‘tgan. Uning klub bilan shartnomasi 2029-yil 30-iyungacha amal qiladi. “Abendzeitung” ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining hozirgi bozor qiymati 170 million yevro atrofida baholanmoqda.