«Barselona» sport direktori Arbeloaning «Real» bosh murabbiyi etib tayinlanganiga munosabat bildirdi
«Barselona» sport direktori Deku madridliklarning yangi bosh murabbiyi etib Alvaro Arbeloa tayinlangani borasida fikr bildirdi. Arbeloa ushbu lavozimda Xabi Alonsoning o‘rnini egalladi.
«Uning yaxshi murabbiy yoki yo‘qligini bilmayman», — deya Dekuning so‘zlarini keltiradi Marca.
Alvaro Arbeloa boshchiligida «Kastilya» joriy mavsumda 19 ta uchrashuv o‘tkazib, 10 g‘alaba, 8 mag‘lubiyat va 1 durang qayd etdi. Mutaxassis 2025 yil iyun oyidan buyon «Kastilya»ni boshqarib kelmoqda. Arbeloa 2020 yildan beri butun murabbiylik faoliyatini «Real»ning yoshlar akademiyasida o‘tkazgan.
Ispaniya chempionatida «Real» hozirda 19 turdan so‘ng 45 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Chempionlar Ligasida esa madridliklar 12 ochko jamg‘argan holda umumiy jadvalda yettinchi pog‘onani egallab turibdi.