Bahrom Haydarov: «Mag'lubiyatga loyiq emasdik»
Superliganing 20-turi doirasida "Buxoro" — "Qo‘qon-1912" uchrashuvi yakunlangandan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— "Buxoro"ni g‘alaba bilan tabriklayman. Mag‘lubiyatga loyiq emasdik, deb o‘ylayman. Rejaga ko‘ra, ikkinchi bo‘limda raqibga bosim o‘tkazishimiz kerak edi va buni uddalay oldik. Safarda o‘ynagandan keyin vaziyatlardan samarali foydalanish lozim. Uchrashuv teng o‘tdi, ko‘plab vaziyatlar yaratdik. Kamida durangga loyiq edik. Alamli mag‘lubiyatga uchradik. Nima deyishni ham bilmayman.
— Gol haqida fikringiz, bu qanday shakllandi?
— Hujumdan himoyaga qaytishda sustkashlikka yo‘l qo‘ydik. Raqiblar to‘pni egallab olib, tezkor hujumga o‘tishdi. Buni hali tahlil qilib chiqamiz. Zarba bergan Aziz Amonov yonida Shohruh Gadoyev bo‘lishi kerak edi, bu vaziyatda zarbaga yo‘l qo‘ymaslik lozim edi. Rikoshetdan keyin darvozabonimiz ham ishonchli harakat qilmadi, olib chiqsa bo‘ladigan vaziyat edi. Menimcha, darvozamiz oldida ko‘zga tashlanadigan vaziyat bo‘lmadi. Omad "Buxoro" tomonida bo‘ldi va to‘p darvozaga kirib ketdi. Darvozabonimiz to‘p chiziqdan o‘tmadi deb aytdi, lekin bu umuman boshqa holat. Birinchi navbatda tezroq himoyaga o‘tishimiz kerak edi. Keyin ularga darvozamizga zarba berishga imkoniyat berdik. "Buxoro" bu golga loyiq edi.
— Shohruh Gadoyevning almashtirilishi shu vaziyat bilan bog‘liqmi?
— Yo‘q, u birinchi davrada kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi va shu sababli u to‘liq o‘ynashga tayyor emas. Futbol jamoaviy sport turi. Jamoa a’zolari xato qilsa, boshqalar tuzatishi uchun harakat qilamiz. Epizodlarni tahlil qilamiz va yigitlarga ko‘rsatamiz, shu vaziyatlarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. U bugungi o‘yin holatidan kelib chiqib, charchoqni his qilgani uchun almashtirildi.
— Jamoangiz 20 o‘yinda 15 ta gol urdi, statistika bo‘yicha jamoa eng kam gol urgani bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi. Bu kam emasmi?
— Albatta, kam. Ikkinchi davrada bir qancha hujumchilar olib, jamoada raqobatni kuchaytirgan edik. Birinchi davrada 10 ta gol urganmiz. Bu ham juda kam. Bugun, ikkinchi bo‘limning o‘zida 4 ta 100 foizlik vaziyatlar bo‘ldi. Abror Karimovda, Abdug‘ofur Haydarovda ikkita vaziyat, Javohir Husonovda ham vaziyat bo‘ldi. G‘alaba uchun ana shu vaziyatlarning hech bo‘lmasa yarmidan foydalanish kerak. Buning ustida ishlash lozim. Shuncha vaziyatlar hamon ko‘z oldimda turibdi. Bunday pallalarda gol ura olmasak, keyinchalik ham bizga qiyin bo‘ladi va jamoaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Gol ura olmaslik keyinchalik turnir jadvalida quyi o‘ringa tushib ketishimizga sabab bo‘ladi. Umuman olganda, jamoam o‘yini bo‘yicha bu o‘ringa munosib emas. Yuqoriga ko‘tarilish uchun harakat qilamiz.