«Aston Villa» ketma-ket 10-g'alabasini qoʻlga kiritdi
Angliya Premyer-ligasining 17-turi doirasida «Aston Villa» o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu g‘alaba Birmingem klubi uchun joriy mavsumdagi barcha musobaqalar doirasidagi ketma-ket 10-g‘alaba bo‘ldi.
Unai Emeri shogirdlarining muvaffaqiyatli seriyasi Yevropa Ligasi umumiy bosqichining 4-turida «Makkabi» ustidan qozonilgan 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan boshlangan edi. Shundan so‘ng «villanlar» «Bornmut»ni 4:0 hisobida tor-mor keltirdi va «Lids Yunayted»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Keyinroq Yevropa Ligasi doirasida «Yang Boyz» ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonildi. Angliya chempionatida esa «Vulverxempton» (1:0), «Brayton end Xouv Albion» (4:3) va «Arsenal» (2:1) ustidan zafar quchildi. Shundan keyin «Aston Villa» Yevropa Ligasida «Bazel»ni 2:1 hisobida yengdi, APLda esa «Vest Hem Yunayted» (3:2) hamda «MYU»ga qarshi bahslarda g‘alabaga erishdi.
Keyingi uchrashuvini «Aston Villa» 27 dekabr kuni APLning 18-turi doirasida safarda «Chelsi»ga qarshi o‘tkazadi.
Ayni vaqtda «Aston Villa» Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalida 36 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Yevropa Ligasi umumiy jadvalida ham jamoa 15 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan.