locale OZ

Asror Aliqulov: «Qiyin, ammo har bir bahsda g'alaba uchun o'ynaymiz, boshqa yo'limiz yo'q»

“Sho‘rtan” ustozi "Andijon" bilan o‘yindan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Asror Aliqulov: "Qiyin, ammo har bir bahsda g'alaba uchun o'ynaymiz, boshqa yo'limiz yo'q"
Фото: Шуртан ПФК

“Andijon” — “Sho‘rtan” (4:3) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— O‘yin haqida nima deya olaman? Tezkor gol o‘tkazib yubordik. “Andijon”ning asosiy kuchi — bu uning muxlislari. Futbolchilarga o‘yin boshida bo‘ladigan bosimga bardosh berishlarini ta’kidlagandik. Afsuski, tez gol o‘tkazib yubordik, ancha o‘zimizga kelolmadik. Asta-sekin yaxshi hujumlar yaratdik. Holatimizdan kelib chiqib bizga faqat g‘alaba zarur edi va jamoani aynan g‘alabaga tayyorlagandik. Himoyada ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, ko‘p gol o‘tkazdik. 3 ta gol urdik, yana imkoniyatlar yaratdik. Himoyada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatsakkina yaxshi natijaga erisha olardik. Baribir futbolchilarimga mehnatlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Zaxiradan maydonga tushirib, o‘yinni kuchaytirmoqchi bo‘ldik. Oxirgi 10 daqiqada vaziyatlar yaratishga qiynaldik. Muxlislarga yoqadigan futbol bo‘ldi, deb o‘ylayman.

— O‘zingiz aytib o‘tgandingiz, jamoa himoyada yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadi. Birinchi bo‘lim oxirida ikkita o‘zgarishga qo‘l urgandingiz, bu ham shunga to‘g‘ri keladimi?

— Himoyachilar o‘yin tezligiga kirishib keta olmadilar. Hujumga chiqishda ham futbolchilarda o‘zlariga ishonch yetarli emasdi. O‘yinni kuchaytirish maqsadida himoyachilarni almashtirdik. Birinchi bo‘lim tugashini kutib turish mumkin edi. Biroq birinchi bo‘limda o‘yinni o‘z foydamizga hal qilish va hujumga o‘tishni ko‘paytirishni xohladik. Bizga g‘alaba kerak edi. Shu maqsadda futbolchilarni almashtirdik.

— Abror Toshqo‘ziev bilan Jasur Hakimov nega ikkinchi bo‘limda maydonga tushirildi?

— Bu ko‘proq futbolchilarning jismoniy holatiga bog‘liq. Abrorni qanotga va Jasurni hujumga qo‘yib, ikkita hujumchi bilan ko‘proq qanotlar orqali vaziyatlar yaratishni o‘yladik. Chunki “Andijon” katta kuch bilan himoyalandi. Afsus, bu o‘zgarish ham bizga foyda bermadi. Maqsadimiz hujum chizig‘ini kuchaytirish edi. Ularning zaxirada qolishiga sabab, boshqa futbolchilarga imkoniyat beryapmiz va jismoniy holatlari unchalik yaxshi emas.

— “Sho‘rtan”ni og‘ir vaziyatda qabul qilib oldingiz. Fikringizcha, jamoa Superligada qoladimi?

— Oradagi farq juda katta. Boshqa klublarning salohiyatini hisobga olganda bu juda qiyin. Juda kam foiz imkoniyatimiz bor. Lekin boshqa yo‘limiz yo‘q: qanday o‘ynashimiz mumkin? Faqat g‘alabaga! Har bir o‘yinga g‘alaba uchun tushamiz. Uddalay olamizmi-yo‘qmi, hozir hech nima deya olmayman. Boshqa yana nima yo‘limiz bor? Durang uchun emas, g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Shu bois bizga ishonchli himoyachilar kerak. Katta kuch bilan hujum qilyapmiz. Hujumga chiqadigan o‘yinchilar sonini oshirganmiz, lekin orqa chiziqda ochiq qolyapmiz. Raqiblar Superliga va bizni jazolashyapti. Boshqa yo‘limiz yo‘qligi uchun shu uslubni tanladik.

— Belgilangan ikkita penalti bo‘yicha fikringiz qanday?

— Hozir hech nima deya olmayman. VAR orqali ko‘rildi. Hakmlar hal qiladi. E’tirozim yo‘q. Bizning holatlar ham ko‘rib chiqildi, lekin penalti berilmadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting