Asilbek Aliyev: \"Bu men uchun yangi bosqich, yangi imkoniyat\"
"Andijon"ga yangi taklif qilingan futbolchilar orasida iqtidorli hujumchi Asilbek Aliyev ham bor.
Oʻtgan yili U17 terma burgutlar safida Osiyo chempioni va toʻpurari boʻlgan futbolchi endilikda bor eʼtiborini "Andijon"dagi faoliyatiga qaratgan.
Iqtidorli oʻyinchi klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
Tanishuv va hissiyot
- Asilbek, “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Ilk his-tuygʻularingiz qanday?
- Katta rahmat! “Andijon” kabi katta klubga qoʻshilganimdan juda xursandman. Bu men uchun yangi bosqich, yangi imkoniyat. Shu yerda oʻzimni koʻrsatishni va jamoaga yordam berishni xohlayman
- “Andijon”ga oʻtish qarori qanday qabul qilindi? Bu qaror ortida nima turibdi?
- Bu qarorni oilam va murabbiylarim bilan maslahatlashib qabul qildim. “Andijon” menga ishonch bildirdi. Xudo xohlasa, men bu ishonchni oqlash uchun bor kuchimni sarflayman.
- Jamoa va muhit haqida ilk taassurotlaringiz?
- Rostini aytsam, jamoaga kelganimda hamma meni juda iliq qarshi oldi. Ham oʻyinchilar, ham murabbiylar. Barcha ochiq va doʻstona. Ilk kunlardanoq oʻzimni yangi muhitda emas, balki tanish joydagidek his qildim. Mashgʻulotlar yaxshi kayfiyatda oʻtyapti. Barchasi bir maqsad yoʻlida mehnat qilishyapti. Shuning uchun moslashish ham men oʻylagandek qiyin boʻlmadi.
Terma jamoa va katta tajriba
- U17 Osiyo chempionatida gʻolib boʻlish va toʻpurar boʻlish — bu siz uchun nimani anglatadi?
- Bu mening hayotimdagi eng yorqin laxzalardan biri. Bu natija faqat mening emas, butun jamoaning mehnati samarasi. Osiyo chempioni boʻlish, bu koʻp narsani anglatadi. Asosiysi, toʻxtab qolish yoʻq. Yana kelayotgan Osiyo chempionatida biz yanada kuchliroq boʻlib borishimizni va chempionlikni yana Oʻzbekistonga olib kelishni anglatadi, deb oʻylayman.
- Jahon chempionatida ishtirok etish yosh futbolchi sifatida sizni qanday oʻzgartirdi?
- Menga katta tajriba berdi. Dunyodagi kuchli jamoalarga qarshi oʻynash orqali qaysi jihatlarda oʻzim ustida ishlashim kerakligini angladim.
- Terma jamoada oʻynagan oʻyinlardan qaysi biri xotirangizda eng koʻp qolgan?
- Terma jamoada esda qoladigan oʻyinim bu Saudiya Arabistoniga qarshi boʻlgan uchrashuv. Ikki futbolchi kam boʻlib yutgan oʻyinimiz. Mana shunisi menimcha, eng esda qolarlisi.
"Andijon"dagi maqsadlar
- “Andijon” klubi oldida qoʻygan shaxsiy maqsadlaringiz qanday?
- Asosiy maqsadim — jamoaga foyda keltirish va ishonchni oqlash. Albatta, koʻproq gollar urishni ham xohlayman
- Bu jamoada oʻzingizni qaysi pozitsiyada eng yaxshi ocha olasiz?
- Hujumchi sifatida agarda zarur boʻlsa qanotlarda ham oʻynay olaman.
- Muxlislar sizdan qanday Asilbek Aliyevni koʻrishadi?
- Jangovor, maydonda fidoyi va oxirigacha kurashadigan Asilbekni.
Rivojlanish va harakter
- Oʻzingizni qaysi jihatingiz bilan boshqa hujumchilardan farq qilaman deb oʻylaysiz?
- Koʻproq korpusda oʻynashim va himoyaga qaytib yordam berishim va oʻyin davomida gapirib oʻynashim bilan farq qilaman.
- Qiyin paytlarda sizni ruhlantiradigan inson yoki soʻz bormi?
- Oila va ota-onamning soʻzlari. Ular doim ishonadi va har narsa mehnatga bogʻliqligini aytishadi.
- Futbolda oʻzingizga namuna deb bilgan hujumchi kim?
- Obameyang. Uning tezligi, golni sezishi va harakatlanishi menga juda yoqadi.
- Muxlislar sizdan maydonda nimani kutishlari mumkin?
- Muxlislar mendan har bir oʻyinda bor kuchim bilan kurashishimni kutishlari mumkin. Har doim jamoa uchun maydonda ham, maydon tashqarisida ham borimni berishga harakat qilaman. Ularga nafaqat gollar, balki, Xudo xohlasa mehnat va jonkuyarligimni koʻrsatmoqchiman.
Qisqa blis savollar
- Gol urishmi yoki jamoaga foyda keltirish?
- Jamoaga foyda keltirish.
- Chap oyoqmi yoki oʻng?
- Ikkalasi ham farqi yoʻq. Lekin koʻpincha oʻng oyoq.
- Soʻnggi golingiz — qaysi oʻyinda?
- Soʻnggi golim “Andijon” darvozasiga boʻldi.
- Orzu: Yevropada oʻynash yoki terma jamoada yetakchi boʻlish?
- Xudo xohlasa, ikkalasi ham meni orzuyim
- Eng kuchli jihatingiz?
- Eng kuchli jihatim, kuchli zarbam boʻlsa kerak.