Artyom Petrosyan: «Qizil kartochka hammasini barbod qildi»
Pro liga 13-turidan o‘rin olgan "Olimpik" – "Olimpik-MobiUz" (0:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Artyom Petrosyan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"O‘yin ikki xil ko‘rinish oldi — qizil kartochkadan oldin va qizil kartochkadan keyin. Teng o‘yin bo‘ldi degan fikrdaman. Bizda gol urish uchun 1-2 ta imkoniyat yaratildi, "Olimpik-MobiUz"da esa deyarli vaziyatlar bo‘lmadi. Chetdan chiqarilganimizdan so‘ng uchrashuv nazorati mehmonlarga o‘tdi. Biz himoyalanishga majbur bo‘ldik. Ko‘rganingizdek, bitta xato evaziga gol o‘tkazib yubordik. Yigitlarga rahmat aytaman, deyarli 65 daqiqa bir kishi kam bo‘lib ajoyib himoyalandik. Birorta bo‘sh hudud yo‘q edi. Ha, individual mahorat ularda kuchliroq. Biroq aytish joiz, ularda deyarli xavfli vaziyat yuzaga kelmadi", – dedi Petrosyan.
- "Olimpik"ning qizil kartochkagacha bo‘lgan o‘yini sizning boshqaruvingizdagi eng yaxshisi edi. Jamoa chetlatishgacha juda ko‘p vaziyatlar yaratdi va ustunlik qilayotgan edi...
- Qiziq savol. O‘ylaymanki, eng yaxshi o‘yinlarimiz hali oldinda. Eng zo‘ri bo‘lganida yutqazmasdik. Qizil kartochkagacha hammasi reja bo‘yicha ketayotgan edi. Bu narsa bugun hammasini barbod qildi.