Artyom Petrosyan: «Mashg'ulot va o'yinda umuman boshqacha ko'rinish»
Pro-liganing 15-turidan o'rin olgan "Olimpik" – "FarDU" (1:3) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Artyom Petrosyan matbuot anjumanida o'z fikrlarini bildirdi.
"Juda oddiy mag'lubiyatga uchradik. Afsuski, birinchi bo'limda hech narsa o'xshamadi. Raqib g'alaba qozonmadi, o'zimiz ularga bu borada yordam berib, yutqazdik. Tanaffusda qattiq gapirdik. Shundan so'ng yaxshi tomonga sal o'zgarish bo'ldi. Almashuvdan keyin yana ozgina bosim ham uyushtirdik, biroq keyin yana darvozamizdan to'p olib chiqdik. Bilmayman, qanday qilib tahlil qilish mumkin. Hech narsa o'xshamadi. Oddiy vaziyatlarda to'pni yo'qotayapmiz. Bir-ikki kun oldin mashg'ulotlarda hammasi o'xshayotgandi. Yaxshisi, mashg'ulotda emas, o'yinda o'xshasin. Hammasi ishlangan rejalarimizni esdan chiqarib yubordik. Boshqa gapim yo'q".
- Nima deb o'ylaysiz, bu yigitlarning tajribasizligi bilan bog'liqmi?
- Ham tajriba, ham qandaydir tezlik yetishmayapti. Balki o'yindan oldin uchrashuvni yutib bo'ldik, degan tuyg'u bilan maydonga chiqishdimi, hamma muammo shundan boshlandi. "FarDU" pressing qilmadi, bemalol o'ynab, biz xato qilishimizni kutdi, biz ham ularga yordam berib yubordik. Ko'ramiz, o'yinni boshidan tomosha qilib, bir qarorga kelsak bo'ladi. Mashg'ulot va o'yinda umuman boshqacha ko'rinish. Go'yo futbolchilar almashib qolganiday.