Artyom Petrosyan: «Bu g‘alabani uzoq kutdik»
Pro liganing 17-turidan o‘rin olgan "Olimpik" – "Jayhun" (3:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Artyom Petrosyan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
"Uzoq kutilgan g‘alabaga erishdik. Bolalarga o‘yin uchun rahmat. Ko‘p narsa o‘xshamadi, oddiy vaziyatlarda to‘pni yo‘qotayapmiz. Uchrashuvni ko‘rib chiqib, tahlil qilamiz. Bu muvaffaqiyatni 2 oy kutgandik. Futbolchilar oxirigacha kurashib, borini berib o‘ynadi. Yosh o‘yinchilarimiz yana gol uraman deb, biroz xatoliklarga yo‘l qo‘yishdi. Biroq ularga minnatdorchilik bildiraman. Uchinchi golni ertaroq ursak bo‘lardi, shunda o‘yin oxirida asabiylik kuzatilmasdi.
- Oldinda jamoani "Olimpik-MobiUz" bilan muhim uchrashuv kutmoqda. Bugungi g‘alaba futbolchilar ruhiyatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
- O‘tgan o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin kiyinish xonasiga kirsam, hamma xafa edi. Hozir esa barchaning quvonchini ko‘rdim. Albatta, bu g‘alaba ruhiy jihatdan ishonch bag‘ishlaydi. Hozircha dam olamiz va keyin 28-oktabr kungi bahsga tayyorgarlik ko‘ramiz. "Olimpik-MobiUz" bilan jiddiy uchrashuv bo‘ladi, bu – bolalarga motivatsiya berish ham shart bo‘lmagan bellashuv.