Arteta Chempionlar Ligasi finalidagi mag‘lubiyatdan keyin futbolchilariga nima deganini oshkor qildi
Londonning “Arsenal” klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta o‘tgan mavsum UEFA Chempionlar Ligasi finalida PSJga qarshi uchrashuvdan keyin futbolchilariga aytgan gaplarini oshkor qildi. Ispaniyalik mutaxassis jamoasi yana finalga chiqishi uchun katta mehnat qilishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda beIN Sports nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Arteta futbolchilariga finalga chiqishning o‘zi katta yutuq ekanini, biroq bunday imkoniyatni yana qo‘lga kiritish oson bo‘lmasligini tushuntirgan.
“Men futbolchilarga yana finalda o‘ynash imkoniyatini qo‘lga kiritishlari kerakligini aytdim. Buning qanchalik qiyinligini va klubimiz o‘z tarixida necha marta finalga chiqqanini yaxshi bilamiz”, — dedi Arteta.
Murabbiy “Arsenal” hali Chempionlar Ligasida g‘olib chiqmaganini eslatib, futbolchilarni oldinda turgan uchrashuvlarga jiddiy yondashishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatini takrorlash uchun yana ko‘p mehnat qilishi kerak. Londonliklar 13-oktabr kuni musobaqaning liga bosqichi ikkinchi turida “Lill”ni qabul qiladi.
Ma’lumot uchun, “Arsenal” 2025/26-yilgi Chempionlar Ligasi finalida PSJga qarshi asosiy va qo‘shimcha vaqtda 1:1 hisobida durang o‘ynagan, penaltilar seriyasida esa 3:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan. London klubi o‘z tarixida ikki marta — 2006 va 2026-yillarda musobaqa finaliga qadar yetib borgan, ammo har ikkala safar ham sovrinni qo‘lga kirita olmagan.