locale OZ

Anvar G‘ofurov: «Birinchi bo‘limda jamoamiz ko‘rsatgan o‘yin umuman yoqmadi»

"Surxon" ustozi jamoasining mag‘lubiyatiga izoh berdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Anvar G‘ofurov: «Birinchi bo‘limda jamoamiz ko‘rsatgan o‘yin umuman yoqmadi»
Фото: Сурхон ПФК

“Surxon” bosh murabbiyi Anvar G‘ofurov O‘zbekiston kubogi 1-turidan o‘rin olgan “Kattaqo‘rg‘on”ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.

Bugungi uchrashuv haqida fikrlaringiz?
— Kattaqo‘rg‘on jamoasini bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Bugungi o‘yindagi xatolar uchun mas’uliyatni o‘z zimmmamga olaman, chunki tarkibni men tanlayman. Birinchi bo‘limda jamoamiz ko‘rsatgan o‘yin umuman yoqmadi. Nimadir sababli o‘yinimiz qovushmadi va men tushunmagan vaziyatlar ko‘p bo‘ldi. Tarkibda ayrim futbolchilarga imkoniyat berdik. “Paxtakor”ga qarshi o‘yindan farqli ravishda o‘zgarishlar qilgan edik, ammo ayrim futbolchilar bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalana olishmadi, deb o‘ylayman.
— “Paxtakor”ga qarshi o‘yindagi shijoat va intilish bugungi bahsda ko‘rinmadi. Qariyb 80 daqiqa davomida jamoa harakatida aniq maqsad sezilmadi. Bunga nima sabab bo‘ldi?
— Men uchun ham bu qiziq bo‘ldi. Birinchi bo‘limda jamoani umuman tanimadim. Ikkinchi bo‘limda esa 11 kishi qilishi kerak bo‘lgan ishni 10 kishi bajara oldi. Ishonamanki, biz yaxshi o‘yin ko‘rsata olamiz. Bugungi bahsni chuqur tahlil qilamiz va bunday xatolarni boshqa takrorlamasligimiz kerak. Maydonga tushgan har bir futbolchi jonini berib o‘ynashi shart. Chunki u shu jamoa libosini kiyapti va barchamiz shu soha orqali oilamizni boqyapmiz. Shuning uchun maydonda bor kuchimiz bilan harakat qilishimiz kerak.
— O‘zbekiston milliy terma jamoasi tayyorgarlik yig‘ini doirasida ikki mahalliy jamoaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va ulardan biri “Surxon” edi. Buni jamoaning o‘yini shakllangani va yaxshi sparring raqib ekani bilan izohlash mumkinmi?
— Albatta, boshqa sabab yo‘q. Terma jamoa ham raqibni shunchaki tanlamaydi. Ular jamoalarni o‘rganib chiqib, o‘zlariga mos raqibni tanlaydi. Biz esa bu tanlovdan xursandmiz. Jamoada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p va buni murabbiy sifatida tan olaman. Men istagan jamoani shakllantirish uchun hali ko‘p ishlashimiz kerak. O‘ylaymanki, vaqt talab qilinadi va birinchi davra oxirigacha jamoa yaxshi tomonga o‘zgaradi.
— Jamoa oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun iqtisodiy barqarorlik ham muhim. Bu yil moliyaviy muammolar ko‘p muhokama qilindi va “Surxon”da ham shunday holat kuzatilgan edi. Hozirgi vaziyat qanday?
— Rahbariyat tomonidan moliyaviy muammolar bartaraf etildi va bu uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Ammo moliyaviy holat jamoa o‘yiniga ta’sir qilmasligi kerak. Balki bugungi o‘yinga tayyorgarlikda xatolar bo‘lgandir yoki men murabbiy sifatida ayrim narsalarni futbolchilarga to‘g‘ri yetkaza olmagandirman. Lekin bunday holatlar professional futbolchi uchun bahona bo‘lmasligi kerak.
— Bugungi o‘yindan keyin jamoaning guruhdan chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Chunki navbatdagi raqib — “Paxtakor”.
— Bugungi o‘yin men uchun ham katta dars bo‘ldi. Har bir uchrashuvdan xulosa chiqaraman. Rotatsiya — yaxshi narsa, agar kam o‘ynayotgan futbolchilar berilgan imkoniyatdan unumli foydalansa. Bunday holatda ham futbolchi, ham jamoa yutadi. Agar aksincha bo‘lsa, demak murabbiy xato qilgan bo‘ladi. Men kam o‘ynagan futbolchilarga imkoniyat berish kerak, deb o‘ylagandim va ular bu imkoniyatdan yaxshi foydalanadi, deb ishongandim. Ammo bo‘lgan ish bo‘ldi. Bu men uchun ham katta xulosa va o‘ylash uchun saboq bo‘ldi. Keyingi o‘yinlarda bunday holat takrorlanmasligi uchun ishlaymiz.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting