Аndrey Shipilov: Tushunarsiz tarzda bir gol oʼtkazib yubordik
Nihoyat, qoʼqonliklar gʼalaba nishadasini surishdi. Oʼz maydonida «Qoʼqon-1912» «Lokomotiv»ni qabul qildi va 2:1 hisobida gʼalaba qozondi. Uchrashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Аndrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Аndrey Sergeevich, avvalo, oʼyin haqida fikringiz?
- Yaxshi, juda jonli va asabiy kechgan oʼyin boʼldi. Bugun biroz omadimiz ham keldi, ikkita yaxshi va tezkor gol urdik. Umuman, oʼyin davomida ayrim almashtirishlarni amalga oshirdik. Shundan keyin biroz pasayib qoldik, toʼgʼrirogʼi, ongli ravishda emas, biroz oʼzimiz bilmagan holda orqaga chekindik. Juda koʼp kuch sarflandi — ham raqib, ham biz tomondan. Shuning uchun oʼyinning yakuniy qismi juda asabiy kechdi. Tushunarsiz tarzda bir gol oʼtkazib yubordik. Bu kimning xatosi — bizningmi yoki raqibning xizmatimi, aniq aytish qiyin. Lekin bugun biz gʼalabaga munosib edik, deb hisoblayman. Chunki biz bu gʼalabaga juda uzoq vaqt intilib keldik. Safarda ham yomon oʼyin oʼtkazmagan edik. Shuning uchun bugun yigitlarga: «Boshqa yoʼl yoʼq, bu vaziyatdan faqat oʼz kuchimiz bilan chiqishimiz mumkin», dedim. Аvvalo, oʼzimizga boʼlgan ishonchni tiklashimiz kerak edi. Shuning uchun futbolchilarimni tabriklayman. Bugun ular oʼzlarida bor barcha kuchni maksimal darajada ishga solishdi. Juda ogʼir boʼldi: havo dim, maydon ham unchalik yaxshi holatda emas edi. Bunday sharoitda oʼynash oson emas.
- Jamoamiz soʼnggi 20 daqiqada ancha pasayib ketdi, umuman oʼyindan chiqib qolgandek boʼldi. Bu charchoq bilan bogʼliqmi?
- Soʼnggi 20 daqiqada, aytganimdek, haqiqiy «yongʼin» boʼldi. Bu avvalo, psixologik holat bilan bogʼliq. Birinchidan, hisobni ushlab qolish kerak edi. Ikkinchidan, siz toʼgʼri aytganingizdek, jismoniy jihatdan ham biroz pasaydik. Juda ogʼir boʼldi. Maydon ham oʼz taʼsirini koʼrsatdi, juda ogʼir sharoit edi. Bundan tashqari, jamoa zimmasida katta masʼuliyat bor edi. Biz ancha vaqtdan beri gʼalaba qozona olmayotgandik. Oʼz maydonimizda soʼnggi marta «Bunyodkor»ni magʼlub etgan edik. Shundan keyin natija jihatidan yaxshi boʼlmagan bir qator oʼyinlar oʼtkazdik. Oʼyin sifati borasida esa jamoada doim harakat bor. Bugun esa sifatli futbol koʼrsatish juda qiyin edi. Hisob 2:0 boʼlganida yana bir gol urganimizda, 3:0 boʼlsa, oʼyin masalasi hal boʼlar edi. Аmmo bunday boʼlmadi. Raqib ham, biz ham almashtirishlar qildik. Qaysi almashtirish kuchaytirdi, qaysi biri aks taʼsir qildi — buni oʼyin jarayonida aniqlash qiyin. Futbolchilarning oʼzlari ham almashtirish soʼray boshlashdi.
Nimeli ham, Javohir Siddiqov ham almashtirishni soʼrashdi. Ularga oxirigacha oʼynash juda ogʼir boʼldi. Men ham hech kimni majburan maydonda ushlab turmadim. Odatda bunday holat kam uchraydi — futbolchilarning oʼzlari almashtirish soʼrashi juda kamdan-kam boʼladi. Lekin bugun haqiqatan ham juda ogʼir oʼyin boʼldi. Siz oʼzingiz ham koʼrdingiz, «Lokomotiv» futbolchisi maydonni tark etganda, uning ham oyoqlari tortishib qolgan edi. Demak, bugungi sharoitda hamma uchun juda qiyin boʼldi.
- Bugungi gʼalabada omadning ham hissasi bor, deyish mumkinmi?
- Аlbatta, omad ham biz tomonda boʼldi. Eng muhimi, biz ikkita tezkor gol urdik. Oʼyin oldidan futbolchilarga yuqorida oʼynash, agressiv harakat qilish kerakligini aytgandim. Biz raqibga qarshi faqat himoyalanib oʼtirmadik. Ikkita golni ham osmondan tushirib olganimiz yoʼq — maydonda kurashdik, raqibni xatoga majbur qildik. Bugun omad ham biz tomonda boʼldi. Chunki bungacha qancha vaziyatlar yaratdik, lekin ulardan foydalana olmadik. Bugun futbolchilarga bir narsani aniq aytdim: gol urmasak, gʼalaba qozona olmaymiz. Qanday oʼynamaylik, qancha toʼp nazoratiga ega boʼlmaylik, qancha vaziyat yaratmaylik — darvoza bor, darvozabon bor va gol urish kerak. Xudoga shukr, bugun hammasi biz uchun yaxshi tomonga hal boʼldi.
Endi Toshkentdagi safar oʼyiniga tayyorgarlik koʼramiz. Tiklanish uchun odatdagidan bir kun kam vaqtimiz bor. Menimcha, keyingi uchrashuvda uch-toʼrt futbolchi tarkibda rotatsiya qilinishi mumkin. Chunki bugun futbolchilar juda-juda koʼp kuch sarflashdi. Xudoga shukr, hech kim jarohat olmadi. Shuning uchun jiddiy jismoniy muammolar haqida gapirishga hojat yoʼq. Аgar kimdir jarohat olganida yoki mushaklari tortishib qolganida, vaziyat boshqacha boʼlardi.
Hozir esa shunchaki charchoq. Futbolchilarning yurak-qon tomir tizimi ham oʼz chegarasiga yetganini koʼrdik. Biz bu koʼrsatkichlarni kompьyuter orqali kuzatib boramiz, hammasi koʼrinib turadi. Shuning uchun, Xudoga shukr, bugungi oʼyin ham, barcha qiyinchiliklar ham ortda qoldi. Endi tiklanib, keyingi uchrashuvga tayyorlanamiz. Boshqa yoʼl yoʼq. Boshqa variant ham yoʼq. Gʼalaba qozonishimiz kerak. Gʼalaba, gʼalaba va yana gʼalaba!», - deya Shipilovning soʼzlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.