Andijon va Antaliyaspor oʻrtasida hamkorlikning yangi bosqichi
Antaliya shahrida "Andijon" futbol klubi rahbariyati hamda fan-klubimiz raisi "Antalyaspor" klubi rahbariyati va ularning fan-klub raisi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Ushbu muloqot 2023-yilda oʻtkazilgan ilk uchrashuvning mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda.
Uchrashuv oldidan mehmonlar anʼanaviy andijoncha osh bilan mehmon qilindi. Bu nafaqat milliy taomlarimizni namoyon etish, balki ikki tomon oʻrtasida iliq, doʻstona muhit yaratishga xizmat qildi.
Maʼlumki, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiya Respublikasi Prezidenti bilan uchrashib, ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlash boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Andijon viloyati hokimining Istanbulga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ham ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Ana shu umumdavlat darajasidagi munosabatlar zamirida sport sohasida ham samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida "Andijon" klubi bilan "Antalyaspor" oʻrtasidagi muzokaralar oʻtkazildi.
Uchrashuv davomida tomonlar yoshlar futboli va akademiyalar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, murabbiylar va mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish, iqtidorli futbolchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
Ayniqsa, bolalar-oʻsmirlar futbolida zamonaviy tayyorgarlik tizimini joriy etish, skauting va seleksiya yoʻnalishlarida hamkorlik qilish, mashgʻulot jarayonlarida ilgʻor tajribalardan foydalanish borasida aniq takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida "Antalyaspor" rahbariyati va fan-klubi raisi Andijon shahriga rasmiy tashrif buyurishga taklif etildi. Bu tashrif doirasida "Andijon" infratuzilmasi, akademiya faoliyati, mashgʻulot bazalari bilan yaqindan tanishish hamda kelgusidagi hamkorlik qadamlarini belgilab olish rejalashtirilmoqda.
Bu muloqot "Andijon" klubi uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yoshlar tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqish hamda klub nufuzini oshirish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi. Tashrif yakunida esa esdalik sovgʼalari ulashildi.
Ishonch bilan aytish mumkin, "Andijon" va "Antalyaspor" oʻrtasida yoʻlga qoʻyilayotgan hamkorlik nafaqat ikki klub, balki ikki mamlakat sport munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.