Andijon jamoasining Antaliyadagi ikkinchi bosqich yigʻini boshlandi
"Andijon" jamoasi uchun Antaliyadagi yigʻinning ikkinchi bosqichi rasman start oldi. Futbolchilarimiz yangi bosqichni yuqori kayfiyat va katta ishtiyoq bilan boshlashdi.
Kunning birinchi qismida jamoa trenajyor zalida shugʻullanib, jismoniy tayyorgarlik ustida ish olib bordi. Bu mashgʻulotlar futbolchilarning kuch-quvvatini oshirish, tiklanish va yangi bosqichga tayyor holda kirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Kunning ikkinchi mashgʻuloti esa maydonda tashkil etildi. Tabiat ham jamoamizga oʻzgacha kayfiyat bagʻishladi — yomgʻir yogʻib turdi va bu mashgʻulot jarayonini yanada yoqimli va foydali qildi. Salqin havo va namlik futbolchilarning harakatchanligiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
"Andijon" jamoasi yigʻin davomida taktik tayyorgarlik, jamoaviy oʻyinni shakllantirish va mavsum oldidan eng yaxshi formaga kirish ustida izchil ish olib boradi. Oldinda yana mashgʻulotlar va oʻrtoqlik uchrashuvlari kutib turibdi.