Alvaro Arbeloa «Atletiko» bilan bahs oldidan Kilian Mbappening holatiga baho berdi
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Ispaniya La Ligasining 29-turi doirasidagi «Atletiko» Madridga qarshi o‘yin oldidan hujumchi Kilian Mbappening jismoniy holati haqida to‘xtalib o‘tdi. Mazkur uchrashuv bugun, 22 mart kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Arbeloaning AS nashriga bergan intervyusida shunday deyiladi:
«Men u safga qaytgan kuniyoq 100 foiz tayyor bo‘lishini aytgan edim. Uning Manchesterdagi o‘yinda maydonda o‘tkazgan daqiqalari va amalga oshirgan bir necha tezkor yurishlari ajoyib holatda ekanligini ko‘rsatdi. Eng muhimi — uning o‘zini qanday his qilayotgani. Mashg‘ulotlarda u o‘ziga bo‘lgan maksimal ishonchni namoyish etmoqda. O‘yin taqdirini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan bunday futbolchining to‘liq qaytishidan umidimiz juda katta».
Ispaniya chempionatining 28-turidan so‘ng, «Real» Madrid 66 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Ularning bugungi raqibi — «Atletiko» esa 57 ochko bilan to‘rtinchi pog‘onadan joy olgan.