Allegri: «Bu hal qiluvchi oʻyin emas»
«Milan» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri Italiya A Seriyasining 34-turidan o‘rin olgan «Yuventus»ga qarshi uchrashuv oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. O‘yin yakshanba, 26 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
«Futbol kutilmagan hodisalarga boy; ehtimol, gol o‘yin boshida urilar va bahs taqdiri hal bo‘lar. Bu ajoyib uchrashuv bo‘ladi, ular ham biz kabi kuchli to‘rtlikdan joy olish uchun kurashishmoqda. Ular sezilarli darajada o‘sishga erishishdi va Spalletti ularni yanada kuchaytirdi.
Bu hal qiluvchi o‘yin emas; matematik nuqtayi nazardan bizga yetti ochko kifoya qiladi, balki undan ham kamroqdir, buni ko‘ramiz. Albatta, bu g‘alaba qozonish shart bo‘lgan o‘yin, biroq yakuniy bosqichdagi eng muhim bahs «Verona»ga qarshi (1:0) kechgan edi, chunki ungacha biz ketma-ket ikki bor mag‘lubiyatga uchragan edik. Ertangi uchrashuv bizga oldinga yana bir kichik qadam tashlash imkonini beradi. Kelasi yili biz yaxshi zaxira bilan boshlaymiz; klub bilan har doim ochiq muloqot, mustahkam poydevor hamda ham texnik, ham ruhiy jihatdan ajoyib o‘yinchilarimiz bor.
G‘alaba — bu ajoyib narsa; Italiya klubi uchun kuchli to‘rtlikka kirish Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish yo‘lida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Keyin ko‘ramiz, ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi o‘rinni egallaymizmi. Umid qilamizki, beshinchi emas... Yetti ochko — bu ikkita g‘alaba va bitta durang demakdir», — deya Allegrining so‘zlarini keltirmoqda La Gazzetta dello Sport nashri.
Ayni damda «Milan» 66 ochko bilan A Seriya turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi. «Yuventus» esa 63 ochko bilan to‘rtinchi pog‘onadan joy olgan.