Aleksandr Petrov: «Maqsadimiz — yuqori o‘rinlar uchun kurashish»
Oliy liganing 2026/2027-mavsumiga qur’a tashlash marosimidan so‘ng «Xorazm» PFC jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Petrov yangi mavsum oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Avvalo, qur’a haqida gapiradigan bo‘lsam, u debyutant jamoa uchun ancha og‘ir kechdi. Chempionatni mamlakatimiz vitse-chempioni — SQB, bronza medali sovrindori — “Nurafshon” hamda O‘zbekistonning eng mahoratli murabbiylaridan biri Bahodir Ahmedov boshchilik qilayotgan “Maksam-Chirchiq” jamoalariga qarshi o‘yinlar bilan boshlaymiz.
Bunday kuchli raqiblarga qarshi futbolchilarni ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan tayyorlash oson emas.
Ammo klub rahbariyati bizning oldimizga yuksak vazifalarni qo‘ygan. Biz chempionatda ham, mamlakat Kubogi bahslarida ham yuqori maqsadlarni ko‘zlab maydonga chiqamiz.
O‘zbekistonning birinchi chempionlari yetishib chiqqan hududda futzalni yanada rivojlantirish, uning nufuzini yuqori pog‘onalarga ko‘tarishni maqsad qilganmiz.
Shunday ekan, har qanday raqibdan cho‘chimasdan, bor kuch va mahoratimizni, salohiyatimizni ishga solib maydonga tushishimiz talab etiladi.
Shu ma’noda, xorazmlik futzal ishqibozlarining ishonchini oqlashga bel bog‘laganmiz», — dedi Aleksandr Petrov.