Akmal Rustamov: Odam o‘zini-o‘zi tanqid qilib turishi kerak
Xabaringiz bor, yaqinda «Qizilqum» klubida bosh murabbiy o‘zgardi. Bungacha ushbu lavozimda ishlab kelgan mahalliy mutaxassis Akmal Rustamov o‘rniga Jamshid Saidov tayinlandi. Tribuna.uz Saidov bilan «Qizilqum» bosh murabbiyiga aylangach intervyu uyushtirgandi. Endi esa navoiyliklarning sobiq ustozi Akmal Rustamovdan bizning nashrimiz intervyu oldi.
- Akmal aka, avvalo, «Qizilqum»dan iste’foga chiqishingiz haqida so‘ramoqchiman. Buni qanday qabul qildingiz?
- Iste’fo – har bir murabbiyning boshida bor. Bu rahbariyatning qarori va uni muhokama qilmoqchi emasman. Albatta, qiyin kechdi. Bir yil davomida bor bilimim va kuchimni ishga soldim. Bilmaganlarimni ustozlardan so‘rab, vaziyatdan chiqishga harakat qildim. O‘tgan bir yil men uchun katta maktab va katta tajriba bo‘ldi.
- Ortda qolgan 11 ta tur bo‘yicha qanday xulosa chiqardingiz? Ya’ni, murabbiy sifatida ketishingiz sizga og‘ir botmadimi?
- Ortda qolgan 11 tur juda qiziq bo‘ldi. G‘alabalar ham, mag‘lubiyatlar ham kuzatildi. Lekin bir narsani ayta olamanki, 3-turdan keyin birin-ketin asosiy tarkibdagi futbolchilarimiz jarohat olib safdan chiqa boshladilar. 6-turga kelib 6 nafar asosiy tarkib o‘yinchilari maydonga tusha olmadilar. 11-turgacha ulardan foydalana olmadik.
Shunga qaramay, o‘rnini mahalliy yoshlar bilan to‘ldirdik. Natijada 11 turdan 13 ochko olib, jadvalning 10-o‘rnidamiz. Iste’foga keladigan bo‘lsak, buni to‘g‘ri qabul qildim. Ish bor joyda xatoliklar ham bo‘ladi. Hozir xatolarni to‘g‘rilashga ayni vaqti. Xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, murabbiy sifatida to‘xtab qolmaslik kerak.
- Ma’lumki, «Qizilqum»dagi faoliyatingiz mobaynida mahalliy yoshlar tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratdingiz va bir qancha yosh o‘yinchilar ko‘rindi. Bu yo‘nalish rahbariyatning maqsadimidi yoki o‘zingiz shu yo‘lni tanlaganmidingiz?
- Jamoani qabul qilib olganimda 7 nafar o‘yinchi yordam bera olmasdi. 5 nafari jarohat, yana 2 nafari kartochkalar sababli edi. Shunda ikkilanmasdan U21 jamoamizdan mahalliy yoshlarni chaqirib, o‘rnini to‘ldirdik va ularga ishonch bildirdik. 9 tur davomida mag‘lubiyatga uchramadik. Bunda futbolchilarning hissasi katta bo‘ldi. Natijada o‘zlariga ishonishni boshladilar. Yoshlarga kelsak, o‘zim ungacha U21 jamoasini uch yil davomida boshqarib kelganman. O‘shanda asosiy tarkibga tortadigan futbolchilar yo‘q emasdi. Ularga ham imkoniyat berdik. O‘zlarini ko‘rsatishdi va yil oxirida 13-o‘rindan 9-o‘ringa ko‘tarildik. Har bir jamoada klub tarbiyalanuvchilariga ham imkoniyat berish kerak. Chunki ular «Qizilqum» klubi kelajagini ta’minlaydilar.
Rahbariyat bilan kelishgan holda yoshlarni tarbiyalashda davom etdik. Ko‘rganingizdek, bu ishimiz birin-ketin mevasini berdi. Akmal Muzaffarov, Murodali Usmonov, Bobomurod Bozorov, G‘iyos Rizaqulov, Shaxzod Turopov va yana boshqalar asosiy tarkib futbolchilariga aylandilar va men bundan xursandman. Bir yil davomida 6-7 nafar yoshlarimizni tarbiyalashga ulgurdik.
- «Qizilqum» hozirda 10-o‘rinda. Holbuki, vaziyat u qadar jiddiy emasdek ko‘ringandi. Mana shunday holatda iste’foga chiqishingiz o‘zingiz uchun kutilmagan holat bo‘lib tuyulmadimi?
- Aytib o‘tganimdek, jamoa hozirda 10-pog‘onada, vaziyat u qadar jiddiy emasdi. Bu rahbariyatning qarori, uni muhokama qilmoqchi emasman. Shunday vaziyatlar bo‘ldiki, jamoa birin-ketin 4 ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradik. O‘shanda ham iste’fo haqida gap-so‘zlar chiqqandi. Biroq rahbariyat menga ishonishda davom etdi. Vaziyatni to‘g‘riladik. 4 mag‘lubiyatdan keyin safarda «Surxon» ustidan g‘alaba qozondik va uyda «Qo‘qon-1912» jamoasini yutdik. O‘tgan bir yil davomidagi qilingan ishlarni tahlil qilib chiqaman. Chunki tanqid kelajak mevasi. Odam o‘zini-o‘zi tanqid qilib turishi kerak.
-Ayting-chi, «Qizilqum»dagi faoliyatingiz davomida o‘zingiz uchun eng yoqqan narsa nima bo‘ldi?
- Futbolchilarim, murabbiylar shtabi, rahbariyat bilan bir oila bo‘la oldik va yomon natija ko‘rsatmadik. Ayniqsa, o‘tgan mavsumda 9 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramasdan jamoani xavfli zonadan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldik va chempionatni turnir jadvali o‘rtasida tugatganimiz yoqimli bo‘ldi.
- Murabbiy sifatida keyingi rejangiz qanday? Oldingizda takliflar bor, deb eshitdim…
- Takliflar bor. Oilam bilan muhokama qilib bir qarorga kelaman. Bir yil mobaynida bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga, rahbariyatimizga alohida rahmat aytmoqchiman. Murabbiy sifatida o‘tgan bir yil men uchun katta maktab va katta tajriba bo‘ldi. O‘qishda va izlanishda davom etib, xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘z ustimda ishlashda davom etaman.