Abbosbek Fayzullayev — \"Başakşehir\" futbolchisi
O‘zbekiston terma jamoasi va Moskvaning “CSKA” klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning “Başakşehir” klubi bilan shartnoma imzolash arafasida turibdi.
Futbolchi yaqin kunlarda Turkiyaga uchib boradi hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tib, “Başakşehir” bilan shartnoma imzolaydi. Turk klubi Fayzullayev uchun 7,5 million yevro to‘laydi. Biroq futbolchi Istanbul jamoasi bilan necha yillik bitim imzolashi hozircha noma’lum.
“CSKA” bugun Rossiya Premer-ligasi doirasida “Orenburg”ga qarshi maydonga tushadi. Fayzullayev ushbu bahs uchun qaydnomaga kiritilmadi.
Abbosbek Fayzullayev o‘tgan mavsum “CSKA” tarkibida barcha musobaqalar doirasida 39 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 8 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Futbolchining “armiyachilar” bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil yozigacha tuzilgan. Transfermarkt portali uning narxini 8 million yevroga baholagan.