28 yoshli Metallurg PRO-Liga startiga tayyor
PRO-Liga yangi mavsumida ishtirok etadigan tarkibi borasidagi qiziqarli ma’lumotlarga e’tiboringizni qaratamiz.
"O‘zmetkombinat" AJ rahbari Bahodir Abdullayevning tashabbusi bilan qayta tashkil etilgan "Metallurg" qisqa fursatda PRO-Liga yangi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rdi. Sohada ulkan tajribaga ega mutaxassi "Metallurg" klub Bosh direktori etib tayinlangan Ulug‘bek Mirzayev jamoa yangi mavsum startiga maksimal ravishda bo‘lishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishida jonbozlik ko‘rsatdi. Butun jamoa yagona maqsad yo‘lida birlashdi.
Mazkur tayyorgarlik jarayoni davomida murabbiylar shtabi qator futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazdi, kerakli nuqtalarga yangi o‘yinchilar taklif etildi, tarkib saralab borildi va yakunda eng munosiblar bilan shartnoma imzolandi.
Natijada, avvalroq, e’lon qilganimizdek "Metallurg" professional futbol klubi liga reglamentiga muvofiq 25 nafar futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Bular: 3 nafar darvozabon, 9 nafar himoyachi, 9 nafar yarim himoyachi va 4 nafar hujumchi. E’tiborga loyiq jihati, PRO-Ligada chempionlikni maqsad qilgan jamoamiz tarkibida 4 nafar legioner futbolchi mavjud. Himoyachi Vladimir Bubanya "Xorazm", "Andijon" va "Surxon" klublari safidagi o‘yinlari bilan o‘zbek futboli muxlislariga yaxshi tanish bo‘lsa, hujumkor yarim himoyachi Armin Boshnyakni "Andijon" klubi muxlislari yaxshi eslashadi. Shuningdek, yangi mavsumda markazda va tayanch zonasida Branimir Yochichning o‘yinlari bekobodlik muxlislarga manzur bo‘ladi, deb umid qilamiz. Hujumda esa "futbol sehrgarlari" yurti vakili Maksvel da Silva mahoratini ko‘rsatadi.
Qayd etish lozim, klub rahbariyati hamda bosh murabbiyimiz jamoa oldiga qo‘yilgan vazifadan kelib chiqib tarkibni shakllantirishda tajribali futbolchilar bilan bir qatorda iqtidorli yosh futbolchilarni ham jalb qilishga urinishgan. Suhrob Sultonov, Azimjon Ahmedov, Mirzoxid G‘ofurov, Asiljon Begimqulov, Sanjar Shoahmedov, Doniyor Narzullayev va Jasurbek Hakimov kabi futbolchilar o‘zbek futbolida katta tajribaga ega ekanligi hech kimga sir emas. Aynan shu yigitlar yosh ukalariga o‘rnak bo‘lib, kerak vaziyatda maslahat bilan, kerak bo‘lsa yordami bilan jamoani olg‘a yetaklashga urinishadi. Shubhasiz, tarkibda qanday futbolchilar jam bo‘lmasin, ularning boshini qovushtiradigan, bir yoqadan bosh chiqarib, bir maqsad tomon yo‘naltiradigan murabbiy bo‘ladi. O‘z davrida to‘purar hujumchi bo‘lgan Ilhom Mo‘minjonov murabbiy sifatida ham katta tajribaga ega. Superliganing qator jamoalarida ishlagan Mo‘minjonov Bekobod jamoasini yana elitaga qaytarishga harakat qiladi.
28 yosh professional futbolchi uchun ma’lum tajriba to‘plangan, ayni gullagan davr desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tarkibni shakllantirishdagi tajriba va yoshlik uyg‘unlashganligining isboti sifatida aytishimiz mumkinki, "Metallurg" jamoasining mavsum uchun tarkibi o‘rtacha yoshi 28,2 ni tashkil qiladi. Shunday ekan shu hafta so‘ngida start oladigan mavsumdan umid katta! 1-turda "Metallurg" safarda "Yaypan" jamoasi bilan kuch sinashadi. Mavsum uchun barcha narsa shay holatda.
Eslatib o‘tamiz, jamoamiz ilk uy uchrashuvini 10-aprel kuni Bekoboddagi "Metallurg" stadionida Respublika FA jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Futbol ixlosmandlarini stadionga chorlab qolamiz!
"Metallurg" PFK matbuot xizmati