Yillar davomida ideal shaxs sifatida ko‘rilgan Venger Infantino sabab obro‘siga putur yetkazmoqda
Yillar davomida ideal shaxs sifatida ko‘rilgan Venger Infantino sabab obro‘siga putur yetkazmoqda
Fransiyalik tajribali mutaxassis Arsen Venger FIFA prezidenti Janni Infantino atrofidagi mojarolar fonida savollar ostida qolmoqda.
Britaniyaning The Telegraph nashri yozishicha, sobiq “Arsenal” bosh murabbiyining Jahon chempionati bilan bog‘liq muvaffaqiyatsiz savdo loyihasi yuzasidan sukut saqlayotgani ko‘pchilikda savol uyg‘otmoqda. Chunki Venger avvallari futbolga pulning haddan tashqari ta’sirini keskin tanqid qilib kelgan.
Manbaga ko‘ra, FIFA rahbariga yaqin bo‘lgan bir qator maslahatchilar, yuqori lavozimli mutasaddilar, hatto AQSH prezidenti Donald Tramp ham mojaroga aralashib qolgan shveysariyalik amaldordan turli darajada masofa saqlashga urinmoqda. Biroq Vengerning bu boradagi pozitsiyasi hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
76 yoshli Venger og‘ir Jahon chempionati taqvimidan keyin o‘z rahbariga qarshi ochiq bayonot berishga majbur emas. Ammo aynan bu yo‘nalish uning mutaxassislik sohasi hisoblanadi. Shu sababli kuzatuvchilar uning bu masalaga qanday aloqasi borligi yoki jarayonlardan qanchalik xabardor bo‘lgani haqida savollar berishi tabiiy.
Albatta, sukut saqlash aybdorlikni anglatmaydi. Biroq Vengerning Infantino yonida bo‘lishi FIFA prezidentiga ma’lum darajada obro‘ va ishonch bag‘ishlaydi. Bu holat 2019-yil noyabr oyidan beri davom etib kelmoqda. O‘shanda FIFA Vengerning tashkilotdagi lavozimga tayinlanganini Infantino bilan qo‘l berib ko‘rishayotgan surati orqali e’lon qilgandi.
Infantino FIFA rahbarligidagi 10 yilligini nishonlaganida, Venger uni “doimo oldinga intilishga va yangi g‘oyalar yaratishga tayyor inson” deb ta’riflagan. Jahon chempionati davomida ham kameralar Vengerni ko‘p bor Infantino ortida o‘tirgan yoki tribunada u bilan qo‘l berib ko‘rishayotgan holda tasvirga olgan.
Bahsli aloqalar
“Arsenal”dagi faoliyati davomida Vengerni futbolning axloqiy ramzi va o‘yinning sodiq himoyachisi sifatida ko‘rgan muxlislar uchun uning so‘nggi yillarda FIFA bilan yaqin aloqalari og‘ir qabul qilinmoqda.
The Telegraph ta’kidlashicha, Infantino boshqaruvi atrofidagi bahslar yanada kuchaygan bir paytda bu aloqalar Venger uchun yanada noqulay ko‘rinish olmoqda.
Bir vaqtlar futbolni pul ta’siridan himoya qiluvchi shaxs sifatida ko‘rilgan Venger endilikda sport hisobidan moliyaviy foyda orttirishga urinayotgan guruhlar bilan bog‘lanib qolgan shaxs sifatida tasvirlanmoqda.
Endi asosiy savol shuki: Venger Infantino tomonida qolishda davom etadimi yoki bu safar chegara oshib ketganini ochiq bildiradimi?
Manbaga ko‘ra, uning allaqachon ushbu munosabatlar sabab dog‘ tushgan obro‘si endi aynan qaysi yo‘lni tanlashiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.