Ronalduning Portugaliya terma jamoasidagi mojarolari: Keyrushdan Jezusgacha
Krishtianu Ronalduning Portugaliya terma jamoasidagi tarixi faqat gollar, rekordlar va sovrinlardan iborat emas.
Milliy jamoadagi 23 yil davomida sardor bir nechta murabbiylar bilan ishladi va bir necha bor shov-shuvli mojarolar markazida bo‘ldi. Bular orasida sardorlik bog‘ichini maydonga tashlab yuborishdan tortib, mashhur «Karlos Keyrushdan so‘rang» iborasigacha bo‘lgan voqealar bor.
Navbatdagi bahsli holat seshanba kuni Malmyoda sodir bo‘ldi. Ronaldu Norvegiyaga qarshi o‘yinni to‘liq zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazganidan bir necha kun o‘tib, terma jamoaning umumiy mashg‘ulotida ishtirok etmadi.
Bungacha Krishtianu Portugaliyaning rasmiy o‘yinida ishlatilmagan zaxira futbolchisi sifatida oxirgi marta 2008 yil 15 iyun kuni — Yevro-2008 doirasida Shveysariyaga qarshi uchrashuvda qolgan edi. O‘shandan beri 6678 kun o‘tdi.
Oslodagi o‘yindan keyin final hakam hushtagi chalinishi bilan hujumchi darhol kiyinish xonasiga yo‘l oldi va g‘alabani nishonlayotgan sheriklariga qo‘shilmadi.
«Karlos Keyrushdan so‘rang»
Ronalduning Luis Felipe Skolari bilan 2003 yildan 2008 yilgacha bo‘lgan hamkorligi nisbatan tinch kechgan. Uning o‘rniga kelgan Karlos Keyrush esa jamoa yetakchisi bilan xuddi shunday munosabat o‘rnata olmadi.
Tanglikning dastlabki belgilari 2009 yil 12 avgust kuni paydo bo‘ldi. O‘sha kuni Ronaldu gripp sabab Lixtenshteynga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazib yubordi.
Asosiy mojaro esa bir yildan so‘ng Janubiy Afrikadagi Jahon chempionatida yuz berdi.
Ispaniyaga qarshi 1/8 final uchrashuvi vaqtida telekameralar Krishtianuning bosh murabbiy qarorlaridan norozi bo‘lganini qayd etdi. Portugaliya 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi va 63-daqiqada David Vilya urgan goldan keyin turnirni tark etdi.
Jurnalistlar Ronaldudan mag‘lubiyat sabablarini tushuntirishni so‘rashganda, u qisqa javob berdi:
«Karlos Keyrushdan so‘rang».
2010 yil sentyabr oyida Keyrush terma jamoani tark etdi. Uning o‘rniga kelgan Paulu Bentu keyinchalik Ronaldu bilan munosabatlari vaqt o‘tishi bilan yomonlashganini tan olgan.
«Agar mendan munosabatlarimiz boshidagidek qoldimi, deb so‘rasangiz, yo‘q, deb javob beraman. Iyerarxiya bo‘lishi kerak va unga hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozim», — degan Bentu.
Yevro-2016 oldidan ko‘lga tashlangan mikrofon
Keyingi shov-shuvli voqea Fernandu Santush boshchiligida sodir bo‘ldi.
2016 yil 22 iyun kuni, Vengriyaga qarshi hal qiluvchi guruh bosqichi uchrashuviga bir necha soat qolganida, CMTV jurnalisti Ronaldudan g‘alabaga ishonayotgan-ishonmayotganini so‘radi.
Sardor jurnalistning qo‘lidagi mikrofonni tortib oldi va uni ko‘lga uloqtirdi. Bu voqea tezda Yevropa ommaviy axborot vositalarida tarqaldi. Ispaniyaning Marca nashri Krishtianu «portlab ketgani»ni yozgan bo‘lsa, Euronews futbolchi «o‘zini yo‘qotgani» haqida xabar berdi.
Shunga qaramay, Portugaliya Vengriya bilan 3:3 hisobida durang o‘ynadi, guruhdan chiqdi va keyinchalik o‘z tarixida birinchi marta Yevropa chempionatida g‘olib bo‘ldi.
Uch oy ichida ikki marta sardorlik bog‘ichi tashlandi
Yevro-2016 va 2019 yilgi Millatlar ligasidagi g‘alabalar Ronaldu va Fernandu Santush o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamladi.
Biroq 2021 yilda sardor ikki marta namoyishkorona tarzda sardorlik bog‘ichini yechib tashladi.
Birinchi holat 27 mart kuni Jahon chempionati saralashi doirasida Serbiyaga qarshi o‘yinda sodir bo‘ldi. Uchrashuv yakuniga yaqin Ronaldu darvozabondan o‘tib ketgan holda zarba berdi, ammo to‘p darvozadan chiqarib yuborildi. Hakamlar golni qayd etmadi.
Shundan so‘ng Krishtianu norozilik bildirgani uchun sariq kartochka oldi. Maydonni tark etayotganda u sardorlik bog‘ichini yechib, maysa ustiga tashladi.
Oradan uch oy o‘tib, voqea yana takrorlandi. 27 iyun kuni Portugaliya Yevro-2020 1/8 finalida Belgiyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ronaldu tribunalar tomon yo‘l olayotganda asabiy holatda sardorlik bog‘ichini yerga tushirdi va keyin uni tepib yubordi. Uni terma jamoa xodimi olib qo‘yishiga to‘g‘ri keldi.
Jahon chempionatida Santush bilan mojaro
2022 yilgi Jahon chempionatida Portugaliya pley-off yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi.
Janubiy Koreyaga qarshi guruhdagi so‘nggi uchrashuvda Santush Ronalduni 66-daqiqada maydondan oldi. Sardorga bu qaror ochiq-oydin yoqmadi.
Keyingi Shveysariyaga qarshi uchrashuvda Krishtianu zaxirada qoldi. Uning o‘rniga asosiy tarkibda maydonga tushgan Gonsalu Ramush xet-trik qayd etdi, Portugaliya esa raqibini 6:1 hisobida tor-mor keltirdi.
Ronaldu Marokashga qarshi chorak finalda ham zaxirada qoldi va faqat ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi. Portugaliya mag‘lub bo‘ldi va bu uchrashuv Santush uchun milliy jamoa boshqaruvidagi so‘nggi o‘yinga aylandi.
Keyinchalik murabbiy Shveysariyaga qarshi bahs kuni ertalab Ronalduga o‘z qarorini tushuntirganini aytdi.
«Biz juda yaqin munosabatlarga ega edik, ammo o‘sha davr ularga jiddiy zarba berdi. O‘yin kuni ertalab unga asosiy tarkibda tushmasligini aytganimda va sabablarni tushuntirganimda, u meni noto‘g‘ri tushundi. Uning reaksiyasini tushunamanmi? Ha, tushunaman», — degan Santush A Bola nashriga bergan intervyusida.
Terma jamoadagi birinchi qizil kartochka
Roberto Martines bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin Ronalduning murabbiy bilan munosabatlari qariyb ikki yil davomida tinch kechdi.
Yangi mojaro 2025 yil 13 noyabr kuni sodir bo‘ldi.
Irlandiyaga qarshi uchrashuvda Krishtianu raqib futbolchisiga zarba bergani uchun qizil kartochka oldi. Portugaliya 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, 2026 yilgi Jahon chempionatiga chiqishni muddatidan oldin rasmiylashtirish imkoniyatini boy berdi.
Diskvalifikatsiya tufayli hujumchi Armanistonga qarshi keyingi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Sardorisiz portugallar «Dragau» stadionida raqibini 9:1 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratdi.
Jezush bilan hammasi tinch boshlangan edi
40 yoshli Ronalduning 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki yangi tanqidlar to‘lqinini yuzaga keltirdi.
Biroq Jorge Jezush bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin sardor va terma jamoa o‘rtasidagi munosabatlarda yanada xotirjam davr boshlangandek edi. Ronaldu avvalgi mavsumda ham ushbu mutaxassis qo‘l ostida ishlagan.
Norvegiyaga qarshi o‘yin va undan keyin Malmyodagi mashg‘ulotda ishtirok etmaslik esa yana savollarni yuzaga keltirdi.
Terma jamoa vakillari kapitan individual dastur asosida ishlash uchun mehmonxonaga qaytganini tushuntirishdi. Ularning aytishicha, mehmonxonadagi trenajyor zali stadiondagi zalga qaraganda yaxshiroq jihozlangan.