Angliya milliy jamoasi bilan mundialga borishi mumkin bo'lgan yana qanday nomzodlar bor? Kimlar Tomas Tuxeldan kutilmagan chaqiruv oladi?
Angliya milliy jamoasi bilan mundialga borishi mumkin bo'lgan yana qanday nomzodlar bor? Kimlar Tomas Tuxeldan kutilmagan chaqiruv oladi?
Germaniyalik mutaxassis Tomas Tuxel tez orada Jahon chempionati uchun Angliyaning yakuniy 26 kishilik tarkibini e'lon qilish arafasida. Ro'yxatga kirish uchun kurashayotgan futbolchilar haqidagi bahs-munozaralar tobora kuchaymoqda.

Jamoa sardori Harri Keyn, APL chempioni Deklan Rays yoki Jordan Pikford kabi futbolchilar inglizlarning ishongan tayanchi bo'lishi aniq. Biroq APL va xorijdagi angliyalik to'p teparlarning yaxshi saviyasi sababli so'nggi daqiqqalarda mundial uchun chaqiruv olishni umid qilib yashamoqda.
«Milan»da o'ynayotgan Ruben Loftus-Chikdan boshlab Saudiya Arabistonida to'p tepayotgan Ivan Touni yoki «Arsenal»dagi Maks Daumangacha milliy jamoa libosini kiyishi mumkin bo'lganlar qatorida.
Sports24.uz Angliyaning bir necha kunlardan keyin Meksika, AQSh va Kanadada o'tadigan Jahon chempionati uchun chaqiruv olishi mumkin bo'lgan futbolchilarni ko'rib chiqadi.

Tuxel avvalgi turnirlarning doimiy ishtirokchisi bo'lgan Lyuk Shouning xizmatlaridan foydalanmoqchi emasdek. Himoyachining so'nggi o'yini Yevro-2024 finalida bo'lgan va bahorda e'lon qilingan yakuniy tarkibga ham kiritilmadi. Lekin shunga qaramasdan Tuxel Shouni ro'yxatdan chiqarish qiyin qaror deb atadi.
«Manchester Yunayted»ning Maykl Karrik bilan mavsum so'nggidagi jonlanishi fonida Shou o‘zining katta turnirlardagi tajribasi sabab Luis Hall, Niko O’Rayli va jarohatdan tiklanishga ulgura olishi noma’lum bo‘lgan Tino Livramentodan ustun kelishi mumkin.
Saudiya Pro Ligasi to‘purarlar jadvalida hatto Krishtianu Ronaldudan ham yuqorida turgan Ivan Touni Harri Keynning o‘rinbosari sifatida Angliyada kuchli raqobat yo‘qligidan foydalanib qolishi mumkin.
Dominik Solanke jarohatdan qiynalmoqda, Dominik Kalvert-Lyuinning ikkinchi davradagi formasi esa barqaror emas. Faqat Olli Uotkins asosiy zaxira hujumchisi bo‘lish uchun jiddiy da’vogarlik qilmoqda.
Touni Saudiyaga ko‘chib o‘tganidan keyin ham Angliya tarkibiga chaqirilgan va yozdagi turnirda ishtirok etish umididan voz kechgani yo‘q.

Mavsum boshida jag‘idan operatsiya qilinib, sakkiz hafta maydondan uzoqda qolgan Ruben Loftus-Chikning Jahon chempionatiga borish imkoniyatlari deyarli yo‘qqa chiqqandek edi.
Ammo uning foydasiga ishlashi mumkin bo‘lgan muhim omil — Tomas Tuxelning o‘zi. Nemis murabbiyi uni «Chelsi»da boshqargan va o‘tgan yili Angliya milliy jamoasiga chaqirib unga o'ynash uchun imkon bergan.
Jiddiy jarohatiga qaramay, Loftus-Chik bu mavsum A Seriyada 3 gol va 1 assist qayd etdi hamda juda kech bo‘lsa ham tarkib uchun kurashishi mumkin.
Mavsumning katta qismida Mayls Lyuis-Skellining «Arsenal»dagi faoliyati yakunlanayotgandek ko‘ringandi, Angliya terma jamoasi haqida-ku gapirmasa ham bo‘lardi.
Ammo u yaxshi qaytish qila oldi. Ayniqsa «Atletiko Madrid»ga qarshi Chempionlar ligasi yarimfinal javob o‘yinida asosiy tarkibda tushgani Maylsning imkoniyatlarini oshirdi.
«Arsenal» akademiyasida aynan markaziy yarimhimoyachi sifatida shakllangan futbolchi yarimhimoyada xotirjamligi bilan ajralib turmoqda. Shu bilan birga u chap qanot himoyachisi sifatida ham «Arsenal» va Angliya safida yaxshi o‘yinlar ko‘rsatgan. Balki Tuxel uni rad etishi qiyin bo‘lishi mumkin.
So‘nggi yillarda Angliya o'smirlar va yoshlar jamoalarining muhim a’zosi bo‘lgan 20 yoshli Archi Grey «Tottenhem»ning muvaffaqiyatsiz mavsumidan obro‘si oshib chiqqan kam sonli futbolchilardan biri.
U himoyaning turli nuqtalarida va o‘zining asosiy pozitsiyasi — yarimhimoyada o‘ynab, yoshiga nisbatan ancha yetuk va xotirjam futbol namoyish etdi.
Grey mavsum davomida 2 gol va 2 assist qayd etdi hamda APL va Chempionlar ligasida «Tottenhem»ning asosiy futbolchilaridan biri bo‘ldi. Ammo klubning yomon natijalari unga zarar qilishi mumkin.
«U juda yosh, ammo ulkan salohiyatga ega. Menimcha, u klubning kelajagi va kelajakdagi sardori bo‘lishi mumkin», — dedi De Zerbi Grey haqida.

Agar Tomas Tuxel Sven-Goran Eriksson uslubidan foydalanmoqchi bo‘lsa, Maks Dauman aynan u xohlagan variyant hisoblanadi.
Eriksson 2006-yilgi Jahon Chempionatiga 17 yoshli Teo Uolkotni chaqirgandi. O‘sha paytda hujumchi hali Premyer Ligada biror daqiqa ham o‘ynamagan edi va chaqiruv haqida haydovchilik nazariyasi imtihonidan keyin bilib olgan.
Dauman esa undan ham bir yosh kichik bo‘lsa-da, Premyer Ligada allaqachon rekord o‘rnatgan. U APLda eng yosh gol urgan futbolchi hisoblanadi. Dauman bu mavsum «Arsenal» safida ligada besh marta maydonga tushdi va «Everton»ga qarshi o‘yindagi goli bilan muxlislarni hayratda qoldirdi.
U Tuxel uchun eng kutilmagan tanlov bo‘lishi mumkin. Germaniyalik mutaxassis yosh iqtidor egasini mundialga olib ketishi mumkinligini rad etmadi.
«Bu yosh futbolchilar haqida albatta bilamiz. Siz ko‘rgandek biz ham ularni kuzatyapmiz. Hozircha u «Arsenal»da o‘z daqiqalari uchun kurashayotgan yaxshi holatda. Balki Jahon Chempionati uchun ham chaqirishimiz mumkin», — degan edi Tuxel mart oyida.
«Ammo hozir uni chaqirib, ortiqcha bosim va shov-shuv yaratishga hojat yo‘q. Biz barcha variantlarni ko‘rib chiqyapmiz»
Premyer Ligada Morgan Gibbs-Uayt bilan birga mavsum davomida 13 gol urgan Denni Uelbek Angliyaning yakuniy tarkibiga kirishi ehtimoldan uzoqdek.
Mart oyidagi o‘rtoqlik uchrashuvlari oldidan uni chaqirish bo‘yicha talablar bo‘lgan, ammo Tuxel uni tanlamadi. Shundan beri esa u ligada atigi yana bitta gol urdi.
35 yoshli hujumchi Angliya safida oxirgi bor 2018-yilda o‘ynagan. Ammo hujumchi pozitsiyasida yana bir-ikki joy bo‘sh qolishi mumkinligi sabab Uelbek yana bir bor terma jamoaga qaytishi mumkin.
So‘nggi ikki yirik turnirda Angliya tarkibida bo‘lgan Konor Gallager keyingi yillarda terma jamoadan uzoqlashib ketdi.
Ammo Roberto De Zerbi boshqaruvidagi «Tottenhem»ning tiklanishi unga ayni muddao bo‘lishi mumkin. Gallager italiyalik murabbiy uslubiga juda mos tushmoqda va «taqachilar» o'yini yaxshilanishida muhim rol o‘ynamoqda.
Uning energiyaga boy box-to-box uslubi Tuxelga ham yoqishi mumkin. Yarim himoyachi yanvardagi debyutidan beri “Tottenhem”da to‘pni qaytarib olish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.
Gallager Tuxelning «Chelsi»sida katta rol o‘ynamagan bo‘lsa-da, uning futbol uslubi nemis murabbiy sistemasiga juda mos keladi va yozgi turnirda foydali variant bo‘lishi mumkin.
«Chelsi» safida bu mavsum deyarli barcha o‘yinlarda qatnashgan Trevo Chalobaning mavsum oxiridagi holati uning uchun qimmatga tushishi mumkin.
Uning Angliya safidagi yagona o‘yini aynan Tuxel qo‘l ostida bo‘lgan. «Chelsi»dagi yorqin mavsumi ham Tuxel davriga to‘g‘ri keladi.
Bu mavsum u «Chelsi»da eng ko‘p to‘p uzoqlashtirgan futbolchi bo‘lib turibdi hamda Premyer Ligada to‘p bilan oldinga yurish bo‘yicha Virjil van Deyk va Jan Pol van Xekkedan keyin uchinchi o‘rinda.
Angliya markaziy himoyachilari orasidagi jarohatlar sabab Chaloba Tuxel uchun jiddiy variantga aylanishi mumkin.
Yana bir sobiq «Chelsi» himoyachisi Fikayo Tomori ham Tuxelning Jahon Chempionati oldidan e’lon qilgan so‘nggi uy tarkibida bor edi.
«Milan»da Loftus-Chik bilan birga o‘ynayotgan Tomori bu mavsum A Seriyada 31 ta o‘yin o‘tkazdi va jamoada eng ko‘p blok qo‘ygan futbolchi hisoblanadi — 22 ta. Qiziq tomoni, oldinga uzatmalar bo‘yicha u Luka Modrichdan keyin ikkinchi o‘rinda — 442 ta.

Jon Stouns va Levi Kolvill kabi futbolchilar uzoq muddatli jarohatlardan tiklanayotganini hisobga olsak, Tomori Shimoliy Amerikada o‘tadigan turnirda o‘zining 6 ta milliy jamoa o‘yiniga yana qo‘shimcha qilishi mumkin.
Arne Slot qo‘l ostidagi «Liverpul»da bu mavsum asosiy tarkibdan joy ololmagan Kertis Jonsning Angliyaning 26 kishilik tarkibiga kirishi qiyin ko‘rinadi.
Ammo u Tuxel qo‘l ostida o‘ynagan — o‘tgan yili Senegalga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida yarim soat maydonda bo‘lgan.
«Liverpul»ning Jonsdan eng katta noroziligi — uning ba’zida to‘p bilan juda sekin harakat qilishi. Biroq uning 91.6 foizlik aniq uzatmalari Premyer Ligadagi oltinchi eng yaxshi natija hisoblanadi.
Agar Tuxelga zaxiradan tushib, to‘p nazoratini ushlab turadigan va o‘yinni tinchlantira oladigan futbolchi kerak bo‘lsa, Jons aynan o‘sha variant bo‘lishi mumkin.

Vaqt oz qoldi, hammasini Tuxelning o'zi hal qiladi va uning qarorini vaqt ko'rsatadi.