«World Boxing» Ijroiya qo‘mitasi Olimpiada saralash turnirlari mezbonlarini tasdiqladi
Shotlandiyaning Glazgo shahrida "World Boxing" Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Los-Anjeles–2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik, xalqaro boksni rivojlantirish, shuningdek, tashkilotning strategik va boshqaruv faoliyatiga oid muhim masalalar muhokama qilindi.
"World Boxing" prezidenti Gennadiy Golovkin hamda bosh kotib Tom Dilen raisligida o‘tgan yig‘ilishning asosiy mavzusi 2027–2029 yillarda o‘tkaziladigan yirik xalqaro musobaqalar, xususan, Los-Anjeles–2028 Olimpiadasi yo‘llanmalari uchun saralash turnirlariga mezbonlik qiladigan mamlakatlarni aniqlash bo‘ldi.
Qabul qilingan qarorga ko‘ra, Olimpiada yo‘llanmalari uchun qit’a saralash musobaqalari quyidagi davlatlarda tashkil etiladi:
Amerika — AQSH
Osiyo — Xitoy
Yevropa — Turkiyaning Istanbul shahri (Yevropa o‘yinlari doirasida)
Okeaniya — Samoa*
Afrika — Nigeriya*
*Samoa va Nigeriya mezbonligi zarur hujjatlar taqdim etilgach rasmiy tasdiqlanadi.
Shuningdek, 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun ikkita jahon saralash turniriga mezbonlik qilish huquqi Italiya hamda Vengriyaga berildi. Bu qaror 2027 yilgi "World Boxing" jahon chempionati Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilishi inobatga olingan holda qabul qilindi.
Jahon saralash turnirlari:
1-saralash turniri — Italiya
2-saralash turniri — Vengriya
Yig‘ilish davomida 2027 yilda Ostonada o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni, Los-Anjeles–2028 Olimpiya tsiklining kengaytirilgan musobaqalar taqvimi hamda "World Boxing" tashkilotining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, 2026 yil noyabr oyida Panamada o‘tkazilishi rejalashtirilgan "World Boxing" Kongressiga tayyorgarlik, qo‘mitalar faoliyati va saylov tartib-taomillariga kiritiladigan o‘zgarishlar yuzasidan ham fikr almashildi.