locale OZ

Floyd Meyvezer Rayan Garsiyaga qarshi jang uchun ringga qaytishi mumkin

49 yoshli amerikalik bokschi WBC yo‘nalishida yarimo‘rta vazn chempioni Rayan Garsiyaga qarshi jang o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Floyd Meyvezer Rayan Garsiyaga qarshi jang uchun ringga qaytishi mumkin
Foto: Getty Images

Professional boks tarixidagi eng mashhur chempionlardan biri Floyd Meyvezer yana ringga qaytishni rejalashtirmoqda. 49 yoshli amerikalik bokschi WBC yo‘nalishida yarimo‘rta vazn chempioni Rayan Garsiyaga qarshi jang o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Tomonlar o‘rtasida dastlabki muzokaralar boshlangan, biroq hozircha rasmiy kelishuvga erishilmagan. Bu haqda FightHype nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, Meyvezerning o‘zi Garsiya bilan bog‘lanib, unga jang taklif qilgan. 28 yoshli bokschi ushbu chaqiruvga ijobiy javob bergan, ammo bitta muhim shartni ilgari surgan. Garsiya ko‘rgazmali jangda qatnashishni istamayapti. U Meyvezerning mag‘lubiyatsiz rekordiga xavf tug‘diradigan rasmiy professional jang o‘tkazilishini talab qilmoqda. Garsiya ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida taklifni qabul qilishga tayyorligini bildirib, yakuniy qarorni Meyvezerning o‘zi qabul qilishi kerakligini ta’kidlagan.

Mazkur ehtimoliy to‘qnashuv boks olamida turlicha munosabatlarga sabab bo‘ldi. Garsiyaning promouteri Oskar De La Xoyya jangni tashkil etishga tayyorligini, biroq u faqat rasmiy professional bahs sifatida o‘tkazilishi kerakligini aytdi. Sobiq jahon chempioni Amir Xon esa Meyvezerning qarorini tanqid qilib, uning yosh va mashhur bokschi hisobiga yana e’tibor markaziga qaytishga urinayotganini ta’kidladi. Shunga qaramay, jangning sanasi, manzili va boshqa shartlari hozircha kelishilmagan.

Ma’lumot uchun, Floyd Meyvezer professional faoliyatida 50 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Amerikalik bokschi so‘nggi rasmiy jangini 2017-yilda Konor Makgregorga qarshi o‘tkazib, texnik nokaut bilan g‘alaba qozongan edi. Shundan buyon u bir necha bor ko‘rgazmali janglarda qatnashgan. Rayan Garsiya esa ayni paytda WBC chempionlik kamariga egalik qilmoqda. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, Meyvezer qariyb o‘n yillik tanaffusdan so‘ng yana professional ringga qaytishi mumkin.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting