locale OZ

Bahodir Jalolov bugun Londonda britaniyalik bokschiga qarshi jang qiladi

O‘n raundga mo‘ljallangan bellashuv Deniel Dyubua va Fabio Uordli o‘rtasidagi revansh jangi tashkil etiladigan boks oqshomidan o‘rin olgan.
Bahodir Jalolov bugun Londonda britaniyalik bokschiga qarshi jang qiladi
Foto: Getty Images

Ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov bugun, 17-oktabr kuni professional boksdagi navbatdagi jangini o‘tkazadi. O‘zbekistonlik superog‘ir vazn toifasi vakili Buyuk Britaniya poytaxti Londondagi ‘‘O2 Arena’’da mahalliy bokschi Solomon Dakresga qarshi ringga ko‘tariladi. O‘n raundga mo‘ljallangan bellashuv Deniel Dyubua va Fabio Uordli o‘rtasidagi revansh jangi tashkil etiladigan boks oqshomidan o‘rin olgan. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, har ikki bokschi jang oldidan rasmiy vazn o‘lchash va yuzma-yuz turish marosimida ishtirok etgan. Jalolov tarozida 115,7 kilogramm, Dakres esa 110,2 kilogramm natija qayd etgan. Shu tariqa o‘zbekistonlik bokschi raqibidan 5,5 kilogramm og‘irroq ekani ma’lum bo‘ldi. Bellashuv Jalolov uchun professional boksdagi navbatdagi muhim sinovlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Bahodir Jalolov so‘nggi jangini joriy yilning may oyida xorvatiyalik Agron Smakichiga qarshi o‘tkazib, yettinchi raundda texnik nokaut evaziga g‘alaba qozongan edi. Solomon Dakres esa oxirgi marta 2025-yil iyul oyida ukrainalik Vladislav Sirenko bilan to‘qnash kelib, hakamlarning yakdil qarori bilan zafar quchgan. Britaniyalik bokschi avval Angliya chempionlik kamariga ham egalik qilgan.

Ma’lumot uchun, 32 yoshli Bahodir Jalolov professional faoliyatida 17 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Ushbu bellashuvlarning 15 tasini muddatidan oldin yakunlagan. Solomon Dakres hisobida esa 10 ta g‘alaba va bitta mag‘lubiyat mavjud. Londondagi boks oqshomining markaziy jangida Deniel Dyubua WBO yo‘nalishidagi jahon chempionlik kamarini Fabio Uordliga qarshi himoya qiladi. Turnir DAZN platformasi orqali jonli efirda namoyish etiladi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting