Rekordlar qurshovidagi Keyn. U 200lik dovonga yetishi mumkinmi?
«Bavariya» hujumchisi Harri Keyn Bundesligada 100 ta gol urish uchun atigi 98 ta uchrashuv o‘tkazib, Germaniya chempionati tarixida bu natijaga eng tez erishgan futbolchiga aylandi. Angliyalik forvard bu ko‘rsatkichga «Union»ga qarshi uchrashuvda erishdi. Mazkur bahsda dubl qayd etgach, Keynning Bundesligadagi gollari soni 101 taga yetdi.
33 yoshli futbolchi shu tariqa avvalgi rekord egasi Diter Myullerning natijasini yangiladi. Myuller 1977 yil sentyabridan buyon Bundesligada 100 ta golga eng tez yetgan futbolchi maqomiga ega edi. Ushbu natijaga erishish uchun unga 129 ta o‘yin kerak bo‘lgan. Keyn esa bu marrani 31 ta uchrashuv kam o‘tkazib zabt etdi.
Keynning Bundesligadagi raqamlari
Keyn 2023 yil avgust oyida «Bavariya» safiga qo‘shilganidan buyon Germaniya chempionatida muntazam ravishda gol urib kelmoqda. U myunxenliklar bilan ikki marta Bundesliga chempionligini qo‘lga kiritdi va bir qator individual sovrinlarga ega bo‘ldi.
Angliyalik hujumchi Germaniya chempionatidagi debyut mavsumidayoq 36 ta gol urdi. Bu Bundesligadagi ilk mavsum uchun mutlaq rekord hisoblanadi. Ungacha ushbu natija 1963/64 yilgi mavsumda «Gamburg» safida 30 ta gol urgan Uve Zeelerga tegishli edi.
Qizig‘i, Keyn 2025/26 yilgi mavsumda ham Bundesligada 36 ta gol urdi. Shu tariqa u Germaniya chempionati tarixida bir mavsumda 35 tadan ko‘p golni ikki marta kiritgan ikkinchi futbolchiga aylandi. Undan avval bu natijaga faqat Gerd Myuller erishgan — afsonaviy forvard 1969/70, 1971/72 va 1972/73 yilgi mavsumlarda 35 tadan ko‘p gol urgan.
Keynning 101 ta golidan 68 tasi o‘ng oyoqda, 16 tasi chap oyoqda va 17 tasi bosh bilan kiritilgan. Gollarning 89 tasi jarima maydoni ichida, 12 tasi esa uning tashqarisida urilgan.
Hujumchining penalti statistikasi ham e’tiborga loyiq. U 25 ta penaltini golga aylantirgan va Bundesligada faqat bir marta 11 metrlik nuqtadan adashgan. Bu esa 96 foizlik samaradorlik degani. Keyn shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima zarbasidan ham ikki marta gol urgan.
Angliya terma jamoasi kapitani Germaniya chempionatida hozirga qadar 11 ta xet-trik qayd etgan. Bundesliga tarixida undan ko‘proq xet-trik amalga oshirgan futbolchilar soni bor-yo‘g‘i besh nafarni tashkil qiladi.
Faqat Ronaldu Keyndan tezroq
Keynning 98 ta o‘yinda 100 gol urishi nafaqat Bundesliga, balki Yevropa top-5 chempionatlari tarixida ham juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bu borada uni faqat Krishtianu Ronaldu ortda qoldirgan. Portugaliyalik yulduz «Real» safida La Ligada 100 ta gol urish uchun bor-yo‘g‘i 92 ta uchrashuv o‘tkazgan.
Lionel Messi esa Ispaniya chempionatidagi 100-golini 154-o‘yinida urgan. Bunda argentinalik futbolchining La Ligadagi faoliyatini yoshligidan boshlagani ham muhim omil hisoblanadi. Ronaldu esa Ispaniya chempionatiga 24 yoshida kelgan.
Keyn uchun yana bir qiziq statistika bor. U Angliya Premer-ligasida ham 100 tadan ko‘p gol urgan va hozir uning Angliya chempionatidagi gollari 213 tani tashkil etmoqda. Shu tariqa Keyn Yevropa top-5 chempionatlarining ikkitasida 100 tadan ortiq gol urgan bor-yo‘g‘i besh futbolchidan biri bo‘lib turibdi.
Keyn 200 golga yetishi mumkinmi?
Endi Keyn oldida yana bir katta marra turibdi — Bundesligada 200 ta gol urish. Germaniya chempionati tarixida bu natijaga hozirga qadar atigi besh futbolchi erishgan. Ularning orasida eng tez 200 gollik marraga Gerd Myuller chiqqan — unga buning uchun 234 ta o‘yin kerak bo‘lgan.
Keynning Germaniyadagi faoliyati hali davom etmoqda. U «Bavariya» bilan shartnomasi davomida yana bir necha mavsum yuqori darajada o‘ynasa, Bundesliganing eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida yana bir necha rekordni yangilashi mumkin.