Qishda klubini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan 10 futbolchi
Yanvar oyida Yevropa futbolida yana bir qizg‘in transfer oynasi ochiladi. Ayrim futbolchilar o‘z klublarida yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti, boshqalar esa shartnoma masalasi sabab yangi jamoa izlamoqda. Noni Madueke, Federiko Kyeza, Endrik va Jan-Filipp Mateta kabi futbolchilarning kelajagi esa hozirdanoq transfer bozorining asosiy mavzulariga aylangan.
9. Jadon Sancho — erkin agent
Jadon Sancho hozircha yangi klub topgani yo‘q. «Manchester Yunayted»ni tark etgan 26 yoshli vinger bir nechta klublar bilan muzokaralar o‘tkazgan, ammo hozircha uning yangi manzili aniq emas.
Sancho yanvargacha kutishga tayyor. U Yevropa, Saudiya Arabistoni, AQSh va Yaqin Sharq klublari bilan aloqa o‘rnatgan. Agar munosib taklif paydo bo‘lmasa, futbolchi qishki transfer oynasigacha kutishi mumkin.
Sancho uchun yangi jamoa — faoliyatini qayta tiklash va o‘zini yana yuqori darajada namoyish etish imkoniyati bo‘ladi.
8. Alexandro Balde — «Barselona»
«Barselona» himoyachisi Alexandro Balde «Manchester Yunayted»ning qiziqish doirasida qolmoqda.
Angliya klubi yozda ispaniyalik futbolchini qo‘lga kiritish imkoniyatini o‘rgangan, ammo transfer amalga oshmagan. Biroq Baldening «Barselona»dagi o‘yin amaliyoti va jamoadagi kelajagi qishda yana muhokama qilinishi mumkin.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, «Manchester Yunayted» yanvarda yana bir bor urinib ko‘rishi mumkin. Baldening o‘zi esa doimiy ravishda asosiy tarkibda o‘ynashni istamoqda.
7. Kim Min Je — «Bavariya»
«Bavariya» himoyachisi Kim Min Je ham qishki transfer bozorida e’tibor markazida bo‘lishi mumkin.
Janubiy koreyalik futbolchiga «Tottenhem», «Aston Villa» va «Milan» qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, «Bavariya» uni jamoada saqlab qolish va yangi shartnoma masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
Shu sabab Kimning Germaniyadan ketishi hozircha aniq emas. Biroq uning atrofidagi qiziqish qishda yana kuchayishi mumkin.
6. Endrik — «Real»
«Real»ning braziliyalik iqtidor sohibi Endrik qishda ijaraga berilishi mumkin bo‘lgan eng qiziq futbolchilardan biri.
20 yoshli hujumchi Madrid klubida yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti. Uning vaziyati sabab «Roma» va «Milan» kabi klublar qiziqish bildirmoqda. «Roma» Endrikni yanvarda ijaraga olish uchun «Real» bilan muzokaralarni qayta boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Endrik uchun muntazam o‘yin amaliyoti juda muhim. Shuning uchun qishki ijara uning faoliyatidagi mantiqiy qadamga aylanishi mumkin.
5. Noni Madueke — «Arsenal»
Noni Madueke «Arsenal»da asosiy tarkib uchun jiddiy raqobatga duch kelmoqda.
24 yoshli angliyalik futbolchi joriy mavsumda APLda juda kam maydonga tushdi. Bu holat «Atletiko» va «Yuventus»ning unga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirgan. Hozirgi vaziyat saqlanib qolsa, qishda ijara yoki to‘liq transfer varianti paydo bo‘lishi mumkin.
Madueke uchun eng muhim masala — muntazam o‘yin amaliyoti. Shuning uchun yanvar oyi uning kelajagi borasida hal qiluvchi davr bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
4. Federiko Kyeza — «Liverpul»
Federiko Kyezaning «Liverpul»dagi kelajagi ham so‘roq ostida.
Italiyalik futbolchi joriy mavsumda jamoada o‘z o‘rnini topa olmadi va transfer bozorida unga «Inter», «Atalanta» hamda «Latsio» qiziqish bildirmoqda.
Kyeza 2024-yilda «Yuventus»dan «Liverpul»ga o‘tgan edi. Ammo hozir uning Angliyadan Italiyaga qaytishi ehtimoli haqidagi xabarlar ko‘paymoqda.
Agar transfer amalga oshsa, Kyeza uchun A Seriyaga qaytish yangi bosqich boshlanishini anglatadi.
3. Jan-Filipp Mateta — «Kristal Pelas»
Jan-Filipp Mateta qishda transferi amalga oshishi eng real bo‘lgan futbolchilardan biri sifatida tilga olinmoqda.
29 yoshli hujumchining «Kristal Pelas» bilan shartnomasi mavsum oxirida tugaydi. Klub futbolchini erkin agent sifatida yo‘qotib qo‘ymaslik uchun yanvarda unga takliflar kelsa, ularni ko‘rib chiqishi mumkin.
Matetaga Premer-liganing bir qator klublari qiziqish bildirmoqda. «Manchester Yunayted» ham hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun fransiyalik futbolchini o‘z variantlari qatorida ko‘rmoqda.
2. Xulian Alvares — «Atletiko»
Xulian Alvaresning «Atletiko»dan ketishi hozircha ko‘proq taxmin darajasida. Ammo argentinalik hujumchi atrofidagi vaziyat qishki transfer oynasida eng katta mavzulardan biriga aylanishi mumkin.
Ayrim transfer prognozlarida «Arsenal» Alvaresni kuzatayotgan klublar qatorida tilga olingan. Agar futbolchining «Atletiko» bilan munosabatlarida muammo paydo bo‘lsa, yanvarda katta transfer oynasi esa odatdagidek klublar uchun mavsum o‘rtasidagi muammolarni hal qilish, futbolchilar uchun esa yan amalga oshishi ehtimoli muhokama qilinmoqda.
Biroq hozircha Alvaresning Madrid klubini qishda tark etishi bo‘yicha aniq kelishuv yo‘q.
1. Eli Junior Krupi — «Bornmut»
«Bornmut» hujumchisi Eli Junior Krupi ham Yevropa grandlarining diqqat markazida.
Yosh fransuz futbolchisiga qiziqish ortib borayotgani sabab yanvarda uning transferi bo‘yicha takliflar paydo bo‘lishi mumkin. «Arsenal» Krupini kuzatayotgan klublardan biri sifatida tilga olinmoqda.
Biroq «Bornmut»ning yosh futbolchini mavsum o‘rtasida qo‘yib yuborishga qanchalik tayyor ekani masalaning asosiy jihati bo‘ladi.