Baxtiyor Qosimov: «Bu taklifni qabul qilishda hech qanday ikkilanmaslik bo‘ldi»
O‘zbekistonlik yarimhimoyachi Baxtiyorjon Qosimov Iroqning "Amanat Bag‘dod" jamoasiga qo‘shildi. Tribuna.uz muxbiri futbolchi bilan bog‘landi.
- Baxtiyorjon, Iroq klubiga borishingiz qanday amalga oshdi?
- Hammasi bir zumda bo‘lib ketdi. O‘zbekistonda transfer oynasi yopilishiga bir kun qolganida Iroq klubidan taklif keldi. Hammasi Allohning izni bilan sodir bo‘ldi. Taklifni o‘rganib chiqdim. Hammasi menga ma’qul keldi. Natijada bunga rozilik berdim. Klub bilan bir yillik shartnoma imzoladim.
- Taklifni qabul qilishda ikkilanmadingizmi?
- Yo‘q. Yana bir bor legioner sifatida o‘ynash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, Iroq chempionatida o‘ynaydigan
birinchi o‘zbekistonlik futbolchi bo‘lishim ham qiziq tuyuldi. Aslida bu mamlakat chempionati Osiyoda o‘z o‘rniga ega. Kuchli ligalardan biri ekani ham taklifni qabul qilishimga sabab bo‘ldi.
- Oila a’zolaringiz tomonidan qarshilik bo‘ldimi?
- Avvalo taklif bo‘lganidan so‘ng darhol otam bilan maslahatlashdim. Oila a’zolarim ham rozilik berishdi. Hech qanday ikkilanmaslik bo‘ldi.
- Klub tomonidan yaratilgan sharoitlar sizga yoqdimi?
- Albatta. Klub shartnomada ko‘rsatilgan barcha sharoitlarni yaratib berdi. Bundan xursandman. Hech qanday muammolar yo‘q.
- "Amanat Bag‘dod" klubida sizdan tashqari yana nechta legioner futbolchilar bor?
- Mendan tashqari yana 5 nafar legioner bor. Ular orasida "West Ham", "Valensiya" va "Galatasaray" kabi klublarda o‘ynagan Sofiane Feghouli ham bor. Bunday tajribali futbolchining mavjudligi ham klub yuqori maqsadlarni ko‘zlaganidan dalolat beradi.
- Mamlakatning ob-havosi qanday va moslashishda qiynalmayapsizmi?
- Hozirda biroz issiq havo. Lekin iqlimga asta-sekin moslashib boryapman.
- Jamoangiz qanday maqsadlarni oldiga qo‘ygan?
- Ilgari boricha eng yuqori o‘rinlardan birini egallashimiz kerak. Umid qilamanki, biz bunga erisha olamiz. Chunki jamoamizda yaxshi futbolchilar jamlangan.